Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo hamkorligi: O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslari ortidagi strategiya
11:26 / 2025-11-14

Munosabat

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi, tarixiy ahamiyatga ega bosqichga qadam qo‘ymoqda. Shubhasiz, bu jarayonda 2018 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ostona shahrida boshlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi muhim o‘rin tutadi.

Aynan ushbu tashabbus tufayli mintaqa yetakchilari ko‘p yillar davomida birinchi marta tashqi vositachilarsiz tizimli va muntazam muloqotni yo‘lga qo‘ydi. Bu jarayon ishonch, ochiqlik va umumiy manfaatlarni anglashga asoslangan yangi siyosiy tafakkur ramziga aylandi. Muntazam o‘tkazilayotgan maslahat uchrashuvlari natijasida ko‘plab mintaqaviy muammolar hamkorlikda hal qilinmoqda.

Shu bois bo‘lajak Toshkent sammiti oldidan e’lon qilingan Prezident maqolasida ilgari surilgan fikr va tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqamizning kelajak taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti barqaror ravishda shakllanmoqda. Bu jarayonlar mintaqaning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida chuqur sifat o‘zgarishlarini belgilab bermoqda.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birdamlikdagi sa’y-harakatlari tufayli hamkorlik uchun mustahkam siyosiy va huquqiy poydevor yaratildi. Erishilgan kelishuvlarning fuqarolar va biznes manfaati uchun amaliy natijalarga aylanishi esa bu jarayonning asosiy vazifasidir.

Shu nuqtai nazardan, Toshkentda bo‘ladigan navbatdagi sammit mintaqaviy birdamlikni yangi bosqichga olib chiqishi, hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi kutilmoqda. Chunki global o‘zgarishlar, jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik, iqlim muammolari, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari mintaqaviy birlashishni strategik zaruratga aylantirmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlagan eng muhim jihatlardan biri – chegara masalalarining huquqiy jihatdan to‘liq hal etilganidir. Uzoq yillar davomida mintaqa davlatlari o‘rtasidagi chegaraviy kelishmovchiliklar ko‘plab muammolarga sabab bo‘lib kelgani ma’lum.

2025 yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida imzolangan uch davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasi bu jarayonning yorqin namunasidir. Bu hujjat nafaqat yuridik ahamiyatga ega, balki xalqlarimizning o‘zaro ishonchi va birdamligini ifodalagan tarixiy qadamdir.

Ko‘p yillar davomida to‘siq bo‘lib kelgan chegaralar bugun do‘stlik, savdo va hamjihatlik ko‘prigiga aylandi. Bu esa chegara hududlarida istiqomat qiluvchi aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, savdo aloqalarini kengaytirish va insonlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Maqolada qayd etilganidek, ilgari keskin kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan suv-energetika sohasida ham o‘zaro ishonchga asoslangan yangi hamkorlik madaniyati shakllanmoqda. Qambarota GES–1 loyihasini O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning birgalikda amalga oshirishi iqtisodiy manfaat bilan birga siyosiy ishonchning mustahkamlanishini ko‘rsatadi.

Zarafshon daryosidagi Yovon va Fondaryo GESlari, Amudaryo suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kelishuvlar, “Bahri tojik” suv omborini birgalikda boshqarishga oid hujjatlar – bularning barchasi umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi amaliy natijalardir.

Bu loyihalar energetik xavfsizlikni ta’minlash bilan birga qishloq xo‘jaligi, sanoat va ekologiya sohalarida barqaror rivojlanishga turtki beradi. Suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish mintaqaviy barqarorlikning muhim omilidir.

Shuningdek, 2023 yildan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining ID-karta asosida chegaradan o‘tish imkoniyati yaratilgani insonlar erkin harakatlanishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bu tashabbus fuqarolar uchun qulaylik yaratish bilan birga madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlamoqda.

Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham shunday kelishuvlar tayyorlanayotgani mintaqaning yagona, ochiq va birdam makonga aylanib borayotganini tasdiqlaydi. Chegaraoldi savdo hajmining oshishi va hududlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarining kuchayishi minglab oilalar turmush darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Joriy yil oktyabr oyida o‘tkazilgan Farg‘ona tinchlik forumi ham mintaqada tinchlik va totuvlik siyosati amaliy natijalar berayotganini ko‘rsatdi. Ushbu forum siyosiy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilish bilan birga xalqlar o‘rtasidagi ishonch va yaqinlikni mustahkamlamoqda. Umuman olganda, bu kabi tashabbuslar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “ishonch va hamjihatlik asosidagi mintaqaviy siyosat” konsepsiyasining amaliy ifodasidir.

Xulosa qilib aytganda, bugun Markaziy Osiyo barqarorlik, hamjihatlik va bunyodkorlik hududiga aylanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekistonning va shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning roli beqiyos. Mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar mintaqani umumiy farovonlik va rivojlanish yo‘lida birlashtirmoqda.

Parlament vakili sifatida biz bu siyosiy yo‘lni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki u xalqlarimiz tinchligi, iqtisodiy yuksalishi va kelajak avlodlar uchun barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Dilrabo XOLBOEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

O‘zA