Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo forumi: Mahalla tajribalari o‘rganilmoqda
18:02 / 2025-12-11

Poytaxtimizda Markaziy Osiyoda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining birinchi forumi tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Qirg‘iziston Taraqqiyot islohotlari instituti (DPI) o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi asosida, Buyuk Britaniya moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.  

Ma’lumki, mamlakatimizda milliy an’ana va qadriyatlar bardavomligini saqlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi mahalliy jamoatchilikning o‘ziga xos an’anaviy mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish shakllari so‘nggi 30 yil davomida dunyoning boshqa mamlakatlari va mintaqalarining tajribasi bilan boyidi, milliy va mintaqaviy o‘ziga xosliklarini ham saqlab qoldi. Jahon modellari va mintaqaviy xususiyatlarning kesishgan joyida o‘ziga xos Markaziy Osiyo mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish modeli paydo bo‘lmoqda.

[gallery-26687]

Mintaqaviy modelni shakllantirish va universal modellarni mahalliylashtirish – qiziqarli va muhim jarayon bo‘lib, uni muhokama qilish va chuqur tushunish zarur. Bu, ayniqsa iqtisodiyot va geosiyosatdagi global siljishlar, iqlim o‘zgarishi va raqamlashtirish fonida muhim.  

Shu bilan birga, davlat siyosati doirasida rivojlanayotgan mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari mintaqa ichidagi hamda mamlakatlar o‘rtasidagi gorizontal aloqalarni mustahkamlashga faol ehtiyoj sezmoqda. Gorizontal integratsiyaning yetakchisi mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining ehtiyoj va imkoniyatlarini yaxshi tushunadigan, ularni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yo‘naltiruvchi hamda ularning manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega bo‘lgan munitsipal uyushma va assosiatsiyalar bo‘lishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari yaqin va samarali sheriklik o‘rnatish yo‘lida birinchi qadamni qo‘ydi va Markaziy Osiyo mintaqasi darajasida ushbu jarayonni muhokama qilish tashabbuskorlari bo‘ldi.

Anjumanda Buyuk Britaniya elchixonasining rivojlanish bo‘yicha tashkilotlari, Markaziy Osiyo mamlakatlari (O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston)ning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati vakillari, tahliliy markazlar, akademik jamoat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Uning doirasida ikkita zalda parallel ravishda sho‘’ba muhokamalari o‘tkazildi.

Har bir sho‘’ba muhokamalari yakunida tavsiyalar ishlab chiqildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va mahalliy rivojlanish Kengashini tashkil etish tashabbusining rasmiy taqdimoti o‘tkazildi.  

Ikki kunlik forum doirasida ishtirokchilar poyxatimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi. Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasiga amaliy sayohat qilishadi.

N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbiri