O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori Chjan Yuanmin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit tadqiqotlari markazining kelgusidagi faoliyatini shakllantirishga oid tashkiliy-huquqiy va tuzilmaviy masalalar, shuningdek, ilmiy-ekologik sohada ikki tomonlama hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, muzokara chog‘ida markazni tashkil etishning ehtimoliy modellari, uning kadrlar salohiyatini bosqichma-bosqich rivojlantirish, jumladan, doimiy va loyiha asosidagi lavozimlarni aniq belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xitoy tomoni markaz faoliyatini investitsiyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi. Xususan, loyiha doirasida tuzilmani zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash masalasi ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni zarur infratuzilmani ta’minlash hamda markazning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini bildirdi.
Shinjon ekologiya va geografiya institutining 2026 yilga mo‘ljallangan ish dasturi taqdim etildi. Unda markazni ro‘yxatdan o‘tkazish, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari ishlab chiqish, ilmiy salohiyatni oshirish, kadrlar tayyorlash hamda faoliyatni axborot jihatdan yoritish bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yig‘ilishning asosiy qismi esa geografiya, ekologiya, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarning tabiiy resurslari, barqaror rivojlanish hamda mintaqaviy tadqiqotlarga ixtisoslashgan xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar — "Regional Sustainability" va "Journal of Arid Land" nashrlarining mahalliy tahririyatini tashkil etish istiqboliga bag‘ishlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlarni yanada chuqur ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA