Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti rivojlanmoqda
22:23 / 2023-05-26

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Yevropa kengashining huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) hamkorligida “Markaziy Osiyo mamlakatlarida konstitutsiyaviy shikoyat instituti modellarining rivojlanish tendensiyalari” mavzuida tashkil etilgan xalqaro konferensiya yakunlandi.

Ikki kun davomida xalqaro va mahalliy ekspertlar, huquqshunoslarning konstutsiyaviy shikoyat instituti huquqiy asoslari, qo‘llanilish amaliyoti va ilg‘or tajribalar xususida ma’ruzalari eshitildi. Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari konstitutsiyaviy nazorat organlari vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalar hamda fikr almashuvlarda ham barcha uchun muhim bo‘lgan takliflar, g‘oyalar bildirildi. Xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat institutining rivojlanish tendensiya modellarida o‘ziga xos maktab yaratilganligini alohida ta’kidladi.  

Konferensiyaning ikkinchi ish kunida “Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish: inson huquqlari buzilishiga qarshi eng samarali vosita”,  “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilishda Ombudsman institutining Konstitutsiyaviy sud bilan o‘zaro hamkorligi”, “Inson huquqlarini ta’minlashning huquqiy asoslari: parlament va Konstitutsiyaviy sudning o‘zaro hamkorligi”, “Qonunchilikni konstitutsiyaviy nazorat qilishning Avstriya modeli”, “Fuqarolarning Bosniya va Gersegovina Konstitutsiyaviy sudiga konstitutsiyaviy shikoyat kiritish tartibi” kabi muhim mavzularda ma’ruzalar tinglandi. 

 [gallery-12082]

Munozalarda bir qator muhim taklif va tavsiyalar qayd etildi. Xususan, bunday tadbirlarni tizimli va doimiy ravishda tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlari Konstitutsiyaviy sudlari muloqotlarini ko‘proq o‘tkazish, xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlari Konstitutsiyaviy sudlari o‘rtasida tajriba almashish, rivojlanish va taraqqiyot uchun do‘stona fikr almashuvlarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, konstitutsiyaviy shikoyat instituti amaliyotida raqamlashtirish masalalarini keng joriy etish, murojaatlarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish kabi takliflar bilan birga, eng asosiysi fuqarolarning  konstitutsiyaviy organlarga manzilli murojaat qilishlari uchun huquqiy bilimlarini oshirish ustida ishlash va buning barcha zaruriy chora-tadbirlarini amalga oshirish zarurligi qayd etildi.  

Bundan ko‘rinib turibdiki, kelgusida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy nazorat instituti faoliyatini, xususan konstitutsiyaviy shikoyat institutini yanada takomillashtirish borasida ham muhim ishlar amalga oshirilishi kerak. Chunki, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini munosib himoya qilish Konstitutsiyaviy sud organlarini birinchi galdagi vazifasi hisoblanadi.

Tadbir yakunida konferensiya xulosalari qabul qilindi.  

Xalqaro konferensiyaga tashrif buyurgan mehmonlar, ishtirokchilar  Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA