English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy bojxona xizmatlari rahbarlarining “S5+1” formatidagi ikkinchi uchrashuvi bo‘ldi
17:29 / 2025-05-22

Qozog‘istonning Olmaota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy bojxona xizmatlari rahbarlarining “S5+1” formatidagi ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov hozirgi kunda bu kabi uchrashuvlar alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Mintaqa davlatlari global ishonch inqirozining salbiy oqibatlariga duch kelayotgani sir emas. Markaziy Osiyo ham, Xitoy ham barqaror transport va logistika zanjiriga erishish uchun chuqur amaliy hamkorlikka har qachongidan ko‘proq zarurat his qilmoqda. 

Shu sababli, yig‘ilishda 2023 yilning 21 aprelida Xitoy tomoni tashabbusi bilan onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy bojxona idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi. 

Bojxona sohasida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi hamkorlik o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalari kengayayotgan bir davrda bojxona tartibotlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish va soddalashtirishga xizmat qiluvchi qulay platforma sifatida ko‘rilmoqda. 

Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni bojxona ishida innovatsiyalar va raqamlashtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish taklifini ilgari surdi. Yig‘ilganlar e’tiboriga bu boradagi milliy tajriba namoyish qilindi. 

Hozirda bojxona organlari faoliyatiga 35 ta axborot tizimi, 40 ta elektron xizmat, 11 ta mobil ilova joriy qilingan. Axborot tizimlari 8 ta xorijiy davlat, 1 ta xalqaro tashkilot, 33 ta vazirlik va idoralar hamda 41 ta aviakompaniyalar bilan integratsiya qilingan. 

Eng muhimi, sohani raqamlashtirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda ilk bor Bojxona qo‘mitasi raisining Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha maslahatchisi lavozimi ta’sis etildi. 

Bojxona deklaratsiyalarini elektron rasmiylashtirish tizimida sun’iy intellekt elementlarini qo‘llagan holda tovarlarni tashish xarajatlari hamda TIF TN kodlarini avtomatik aniqlash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini bermoqda. 

Bojxona qo‘mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazining tashkil qilinishi va bojxona yuk deklaratsiyalarining markazlashtirilgan holda rasmiylashtirilishi hisobiga joylarda 7 ta bojxona postini qisqartirishga erishildi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA