Bo‘stonliq tumanida “Chegarasiz hamkorlik” shiori ostida xalqaro “Great Silk Road Business Cooperation Forum – 2025” biznes-forumi boshlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi arafasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan ikki kun davom etadigan mazkur nufuzli tadbir tadbirkorlarni yagona biznes maydonida birlashtirildi.
Bu orqali mintaqadagi iqtisodiy integratsiyani yangi bosqichga ko‘tarish, savdo aloqalarni kengaytirish va ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish maqsad qilingan. Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan kelgan vazirlik va idoralar vakillari, savdo-sanoat palatalari, yirik kompaniyalar hamda xususiy sektorning 300 nafarga yaqin ishtirokchilari qatnashmoqda.
Forumning ochilish qismida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov so‘zga chiqib, so‘nggi yillar Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlik sohasida qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish, xorijlik investorlar bilan birgalikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, hududlarning investitsion jozibadorligi oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Bu sa’y-harakatlar tufayli xorijlik tadbirkorlar uchun mamlakatimizda yirik loyihalarni amalga oshirish, mahalliy tadbirkorlar faoliyatini boshqa davlatlarda ham rivojlantirishga zamin yaratildi.
Tadbirda Ozarbayjondan kelgan mas’ul tashkilotlar vakillari ham forumning ahamiyati xususida o‘z fikrlarini bildirdi. Muhimi, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon tadbirkorlari birgalikdagi biznes manfaatlari asosida birlashib, mintaqadagi iqtisodiy barqarorlik, yangi ish o‘rinlari yaratish va savdo aylanmasini oshirishda yetakchi kuchga aylanishi alohida qayd etildi.
[gallery-26226]
Tadbirning asosiy qismida o‘tgan plenar sessiya “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon: chegarasiz hamkorlik” mavzusida bo‘lib, unda biznesning asosiy vazifasi – birgalikda ishlab chiqarish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yangi bozorlarga chiqish masalalari muhokama etildi. Tomonlar mintaqada yagona ishlab chiqarish zanjiri barpo etish, mahalliy xomashyo asosida eksportbop mahsulotlar yaratish, logistika va energetika sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflar berdi.
Ishtirokchilar bu borada o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirib, kelgusidagi rejalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lmoqda. Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA