Joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Beshinchi yubiley Maslahatlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, deb ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vazirligi “Hovar” agentligiga.
Respublika tashqi ishlar vazirligidan ma’lum qilinishicha, shu kunlari Tojikiston poytaxtida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasini ta’sischi davlatlar rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi ham bo‘lib o‘tadi. Sammit ishida Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Turkmaniston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi prezidentlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari uchrashuvini o‘tkazish uchun Tojikiston Respublikasida keng qamrovli tayyorgarlik ishlari boshlangan, deyiladi xabarda.
Kutilishicha, Beshinchi yubiley Maslahatlashuv uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qator muhim hujjatlar imzolanadi. Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining qo‘shma bayonoti qabul qilinishi aytilmoqda.