Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro manfaatli hamkorligi o‘ziga xos omillar asosida mustahkamlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan yaqin do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib, o‘tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning Markaziy Osiyo mintaqasi va jahon miqyosidagi siyosiy o‘rni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakatimiz bilan hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi”.
Ma’lumki, “O‘zbekiston-2030” strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishi – “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan ma’noda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashqi siyosat borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik tom ma’noda yangi bosqichga ko‘tarilgani bejiz emas.

Mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan davlatlararo muloqot platformalari va formatlari tahlil qilinganda Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muntazam yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidlash kerak.
Mazkur uchrashuvlarda davlatimiz nomidan bildirilgan, mintaqaning barcha xalqlari manfaatiga xizmat qiluvchi qator amaliy takliflar samarasi o‘laroq, tovarlarni yetkazib berishning yagona va soddalashtirilgan tartib-qoidasiga ega chegara savdo zonalari tizimi yaratilmoqda. Bundan tashqari madaniyat, san’at va kino festivallarini navbatma-navbat o‘tkazish an’anasi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Eng muhimi, O‘zbekiston tashabbuslari ko‘plab xorijlik ekspertlar tomonidan yuksak e’tirof etilyapti. Masalan, Xitoy Davlat Kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti direktori Li Yunsyuan shunday deydi:
– O‘zbekiston mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash jarayonining faol ishtirokchisidir. Mamlakat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi mexanizmida mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan dolzarb masalalar bo‘yicha hamkorlik samaradorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynamoqda.
Darhaqiqat, mintaqaning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni mustahkamlanishi natijasida dunyoda Yangi O‘zbekistonga nisbatan ishonch ruhi va mamlakat bilan hamkorlikka intilish tamoyili kuchaydi.
Azal-azaldan o‘zaro qardosh va birodar mamlakatlar ko‘pgina mintaqaviy va global masalalarda, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sari birgalikda harakat qila boshladi. Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” iborasi paydo bo‘ldi.
Mustaqillikka erishilgan payt Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 47 milliard dollar atrofida edi. Oradan 34 yil o‘tganda bu miqdor 10 barobardan ko‘proq o‘sib, 500 milliard dollarga yaqinlashdi. Milliy iqtisodiyotlar yuqori sur’atda rivojlanmoqda.
35 yil avval mintaqamizning 5 davlatida jami 50 milliondan ko‘proq aholi yashagan. Bu raqam 2024 yil oxiriga kelib 80 milliondan oshdi. Eng ko‘p o‘sish – Tojikiston (98 foiz) va O‘zbekistonda (84 foiz) kuzatilgan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda ham aholi soni sezilarli darajada ko‘paygan.
Xulosa shuki, Markaziy Osiyo muhim va noyob resurs, iqtisodiy va kommunikatsiya salohiyatiga ega hudud sifatida bugun o‘zining mustaqil taraqqiyot yo‘liga ega. Mintaqamiz davlatlari insonparvarlik, ijtimoiy adolat, umumiy xavfsizlik, millatlararo totuvlik, tinchlik va osoyishtalik muhitini yaratish kabi xalqaro huquq tamoyillari asosida tashqi siyosiy faoliyat olib borib, ривожланаётган mamlakatlar safiga dadil kirib bormoqda.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA