O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjon kinosi kunlarining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir xorijiy delegatsiyalar ishtirokidagi davra suhbati bilan boshlandi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinomatografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, Ozarbayjon Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Rashad Azizov, Qozog‘iston Milliy kinoni qo‘llab-quvvatlash davlat markazi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Adilet Omarov, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda turkiy davlatlar kino ustalari o‘rtasidagi ijodiy aloqalar tobora mustahkamlanib, yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqani e’tirof etildi. Turli xalqaro kinofestivallar, ijodiy tanlovlar, birgalikda kartinalar yaratish jarayonlari bu hamkorlikni tobora mustahkamlamoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjon kinosi kunlari madaniy aloqalarni mustahkamlash, san’at orqali xalqlarni yaqinlashtirish va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ijodiy loyihaning ilk kunida Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjon kino ustalari tomonidan yaratilgan qisqa metrajli filmlar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri