English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona hamkorlik – O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishi
16:40 / 2021-08-10

So‘nggi yillarda O‘zbekiston ichki siyosatida kuzatilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va yangilanishlar mamlakatning tashqi siyosatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub’ekti sifatida, mintaqa va global darajada faol tashqi siyosatni yo‘lga qo‘yib, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirmoqda. Bunday izchil, aniq va konstruktiv tashqi siyosatni xalqaro ekspertlar va kuzatuvchilar ham e’tirof etmoqda.

Jahon bo‘ylab tarqalgan koronavirus infeksiyasi va global darajadagi inqirozli xavf-xatarlar davrida ham mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ta’minlanib, mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy vazifalaridan biri – o‘z hududi atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilarimiz – Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashni asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab berdi.

2020 yil – “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosiy faoliyatini, jumladan, Markaziy Osiyo yo‘nalishida ham izchil davom ettirdi.

Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida 2020 yil davomida tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyat bo‘yicha davlat idoralari tomonidan 23 ta oliy darajada va 12 ta yuqori darajada tashrif va turli tadbirlar amalga oshirildi. 

Bu jarayonda “xalq diplomatiyasi” amalda juda faol bo‘lgani kuzatildi. Xususan, xalq vakillari – olimlar va rassomlar, madaniyat va din arboblari, ishbilarmonlar va yoshlar, turizm va sport tashkilotlari, jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlar ishtirokida 90 dan ortiq turli uchrashuv, anjuman, videokonfrensiya va boshqa shu kabi tadbirlar o‘tkazildi.

Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari qo‘shni davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi.

Natijada mintaqadagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2017-2019 yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aylanmasi yillik o‘rtacha 50 foizdan ko‘proqqa o‘sib, 5,2 milliard dollarga yetgan. 2020 yil natijalariga ko‘ra esa, global pandemiya sharoitiga qaramay, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasining umumiy hajmi 5 milliard dollarni tashkil etdi.

Jumladan, O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 2019 yildagi 12,4 foizdan, 2020 yilda 13,6 foizga oshgan. O‘zbekistonning mintaqadagi umumiy tashqi savdo aylanmasida esa Qozog‘istonning ulushi 61 foiz, Qirg‘iziston – 18,2 foiz, Turkmaniston – 10,6 foiz va Tojikistonning ulushi 10,2 foizni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning mana shunday yaxshilanishi, umuman aytganda, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. Xususan, 2017-2020 yillar oralig‘ida O‘zbekiston va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida 300 dan ortiq shartnoma, shuningdek, qariyb 75 milliard dollarga teng shartnoma va bitimlar imzolangan.

Shuningdek, 2017-2020 yillar davomida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ochiq, konstruktiv, puxta o‘ylangan va pragmatik siyosati natijasida suvdan foydalanish, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini kesib o‘tish kabi murakkab va chalkash muammolarga yechim topildi. Agar besh yil oldin O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasini kuniga 200-300 kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, global pandemiya ta’sirida joriy qilingan cheklovlarga qadar bu ko‘rsatkich kuniga 30 ming kishiga yetgan. O‘zbekiston – Tojikiston chegarasini esa kuniga 20 ming fuqaro kesib o‘tgan.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan olib borayotgan ochiq va konstruktiv siyosati naqadar to‘g‘ri ekanini global pandemiya davrida mintaqa rahbarlarining o‘zaro yordam va koronavirus tarqalishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirgan qo‘shma chora-tadbirlari ham isbotladi.

Global pandemiya xavfiga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doimiy muloqoti ta’minlandi va mamlakatlar o‘rtasida faol hamkorlik aloqalari davom ettirildi. Mintaqa davlatlari koronavirus infeksiyasi tarqalishining dastlabki kunlaridanoq bir-birlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishni boshladilar. O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga bir necha bor gumanitar yordam yubordi. Bunga javoban Qirg‘iziston va Tojikiston singari qo‘shnilarimiz Sardoba suv omborini tiklash uchun insonparvarlik yordamini ko‘rsatdilar. Shuningdek, 2020 yilning dekabr oyida O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonda zarur tibbiy jihozlar va mebellar bilan to‘liq jihozlangan 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashda tibbiyot sohasida axborot va tajriba almashinuvi, o‘zaro gumanitar yordam ko‘rsatish, chegaralarda yuklarning uzluksiz harakatlanishini yo‘lga qo‘yishga erishildi. Bu esa mintaqada dunyoning boshqa davlatlariga nisbatan koronavirus bilan kasallanish va uning natijasidagi o‘lim sonining kamligini ta’minlash imkonini berdi.

Qolaversa, joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari AQSH bilan hamkorlikda mintaqada iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 milliard dollarga teng mablag‘larni jalb etish maqsadida “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” tashabbusini yo‘lga qo‘ydi. “C5+1” platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o‘sishini ta’minlash, ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli oshib borayotganini mintaqa va yirik davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikning turli formatlari tashkil qilinayotganida ham ko‘rishimiz mumkin.

Mavjud “Markaziy Osiyo – AQSH”, “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” kabi muloqot formatlari qatoriga oxirgi yillarda “Markaziy Osiyo – Hindiston”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” va “Markaziy Osiyo – Rossiya Federatsiyasi” singari yangi formatlar qo‘shildi. Mazkur holat, birinchidan, mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan mutlaqo yangi muhit dunyoning yetakchi davlatlari tomonidan Markaziy Osiyoga nisbatan e’tiborning oshganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, chet el davlatlari mintaqa mamlakatlari bilan nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki yagona mintaqaviy ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga ahamiyat qaratayotganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, mintaqa hamda boshqa davlat va xalqaro institutlar o‘rtasida yangi formatlarning tuzilishi bu, Markaziy Osiyoning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati oshib borishiga, shuningdek, mintaqaga xalqaro munosabatlardagi yaxlit siyosiy-diplomatik sub’ekt sifatida qaralishiga olib kelmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlarining yaxlit siyosiy-diplomatik sub’ekt sifatidagi o‘rni hamda o‘zaro hamjihatligi va birdamligi Qirg‘izistonda 2020 yil oktyabr oyida yuz bergan norozilik namoyishlari va tartibsizliklarga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikalari Prezidentlari qo‘shma bayonot bilan munosabat bildirganliklarida ham kuzatildi. Qo‘shma bayonotda qardosh Qirg‘izistonda sodir bo‘layotgan voqealar jiddiy tashvish tug‘dirayotgani hamda Qirg‘izistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, konstitutsiya va milliy qonunchilikka so‘zsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan sa’y-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildirildi.

Qayd etish joizki, Markaziy Osiyo davlatlarining barqarorligi va hamjihatligi, birinchidan, xalq farovonligini, ikkinchidan, mintaqaning investitsion jozibadorligini oshirib, xorijiy sherik davlatlar va investorlar bilan hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. O‘zbekiston va mintaqa davlatlari o‘rtasida shakllangan va yanada mustahkamlanib borayotgan yangi muhit mazkur maqsadlarga erishishga hamda o‘zaroro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda 2021 yil “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilgan.

Xususan, joriy yil Davlat dasturida Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni izchil davom ettirish chora-tadbirlar rejasida:

– O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;  

– oliy va yuqori darajada o‘zaro tashriflarni tashkil etish;  

– “Xalq diplomatiyasi” mexanizmlaridan samarali foydalanish;  

– yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni birgalikda hal etish;

– savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi va hamkorlikni mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish;  

– mintaqaning tranzit va logistika salohiyatidan samarali foydalanish va transport infratuzilmasi rivojlanishini ta’minlash;

– Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqalari (shu jumladan, chegara hududlari) o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stlgi (MDH), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va boshqa tuzilmalar doirasida ham rivojlantirishni, bunda nafaqat siyosiy-diplomatik munosabatlar, balki iqtisodiy diplomatiya, parlamentlararo diplomatiya hamda xalq diplomatiyasini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Qolaversa, joriy yilda SHHTda O‘zbekiston Respublikasining 2021-2022 yillarda raisligini inobatga olib, mazkur yo‘nalishda ustuvor vazifalar va asosiy tadbirlarini ishlab chiqish ham Davlat dasturida rejalashtirilgan. SHHTga Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston qatori Markaziy Osiyo davlatlaridan O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonning a’zo davlatlar ekanligi, ushbu xalqaro tashkilot doirasida hamkorlikni jadallashtirish alohida ahamiyat kasb e’tishini ta’kidlash mumkin.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosati, xususan, yaxshi qo‘shnichilik va pragmatik mintaqaviy siyosati davlatning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Eldor TULYAKOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori,

Farrux HAKIMOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA