French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo davlatlari Afg‘oniston bo‘yicha yakdil fikrda
11:02 / 2021-08-19

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda yuz berayotgan o‘zaro kelishmovchiliklarning ortib borishi, tinch aholining o‘qqa tutilishi va begunoh bolalarning urush qurboni bo‘layotganligi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, balki xalqaro tashkilotlarning ham tashvishlanishiga sabab bo‘lmoqda.

Afg‘onistonda tinchlikka erishish borasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston tomonidan amaliy ishlar olib borilayotganligini e’tirof etish lozim. Bu borada O‘zbekiston har qachongidanda faol tashqi siyosat yuritmoqda. Xususan, 2017-2021 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Harakatlar strategiyasining beshinchi — Xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosatdagi bosh ustuvor yo‘nalish sifatida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini yaratish siyosati olib borilmoqda. 

Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi, 2017 yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyadagi, 2018 yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusidagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyasidagi chiqishlarida hamda 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahrida, 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi va ikkinchi Maslahat uchrashuvlaridagi nutqlarida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzulmalarini tiklashga oid taklif va tavsiyalari xalqaro miqyosda qo‘llab-quvvatlanib kelinmoqda.  

 E’tiborli jihati shundaki, bunday faol mintaqaviy strategik tashqi siyosat bugungi pandemiya davri cheklovlariga qaramasdan izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyada Afg‘oniston masalasida nafaqat Markaziy Osiyo, shu bilan birga, Janubiy Osiyo davlatlari yakdillik namoyish etib, ikki mintaqa o‘rtasida hamkorlikni tiklash, bu masalada Afg‘onistonning o‘rni juda ham muhim ekanligi alohida e’tirof etildi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, mazkur konferensiyada erishilgan yutuqlarning davomi sifatida “Avaza” Maslahat uchrashuvi tashkil etildi. Ushbu Maslahat uchrashuvida ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri sifatida Afg‘oniston masalasida yakdil yondashuvga kelishish, mintaqada yangicha siyosiy muhit paydo bo‘lishida ushbu davlatdagi ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning muhimligi muhokama qilindi. Xususan, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German xonim ham ishtirok etdi.  

 Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l orqali tartibga solinishi bilan bevosita bog‘liqligi hamda o‘t ochish va zo‘ravonlikni to‘laligicha to‘xtatish, muzokaralar asosida barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan kelishuvga erishilishi kerakligi ta’kidlandi.  

  Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan mintaqada tinchlik, yaxshi qo‘shinchilik va o‘zaro tushinishni mustahkamlash kerakligi, bu kabi xalqaro darajadagi uchrashuvlarda mintaqa davlatlarining hamjihatlikdagi fikrlari bir joydan chiqishi manfaatlar nuqtasi bir joyda kesishishiga omil bo‘lishini ta’kidladi. Bu esa Markaziy Osiyoning yaqin kelajakdagi iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona asosda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvida Afg‘oniston bo‘yicha qarashlarning o‘zaro birligi, mintaqada yangi preventiv diplomatiyaning hukm surishiga hamda ushbu masalada yangi tendensiyalar va strategiyalarni ishlab chiqishga turtki bo‘lmoqda.  

 Muxtasar aytganda, Afg‘onistonda tinchlik va faravonlikni ta’minlash Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu bilan birgalikda transafg‘on - “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temir yo‘l loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Mazkur loyiha orqali ikki mintaqa davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligining rivojlanishi faqat va faqat mintaqa xalqlarining faravonligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

 

 

Iskandar O‘roqboyev,  

 “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi.