Poytaxtimizda 13 yoshgacha bo‘lgan yosh qilichbozlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Mazkur musobaqaning shpaga yo‘nalishida yakkalik hamda jamoaviy bellashuvlar o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Gruziya terma jamoalarining yosh qilichbozlari ishtirok etayotgan ushbu turnirning yakkalik bahslarida 100 nafardan ortiq yosh sportchilar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Daniil Taraskin (Gruziya), Ne’matillo Tolibjonov (O‘zbekiston), Shohzaxon G‘ofurov (O‘zbekiston) va Muhammadali Rahmontov (O‘zbekiston) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, qiz bolalar orasida Arina Frolova (Qozog‘iston) oltin, Sohibjamol Yusupova (O‘zbekiston) kumush, Gulzoda Qozimjonova (O‘zbekiston) va Sofiya Kuyanchiyeva (O‘zbekiston) bronza medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, chempionat doirasida shpaga bo‘yicha jamoaviy bellashuvlar ham katta hayajon va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Unda Andijon qizlar jamoasi va o‘g‘il bolalar o‘rtasida "Qozog‘iston-1" jamoasi shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqa 20 dekabr kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA