Londonda “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” formatidagi tashqi ishlar vazirlari birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida tomonlar mavjud hamkorlikni mustahkamlash, savdo diversifikatsiyasi, sanoat kooperatsiyasi, barqaror infratuzilmani rivojlantirish hamda muhim minerallar va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi salohiyatdan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Qayd etilganidek, global iqtisodiy sharoit tez o‘zgarib borayotgan bir paytda davlatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

Sammit doirasida “London Stock Exchange” loyihasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur qadam kapital bozorini rivojlantirish, investitsiyani rag‘batlantirish va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi birdamlikni aks ettirdi.
Forum doirasida o‘tgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Buyuk Britaniya davlat kotibi Ivett Kuper o‘rtasidagi muzokarada savdo va investitsiya, yashil va barqaror infratuzilma, energetika, shuningdek mintaqaviy bog‘liqlik bo‘yicha strategik sheriklik ko‘lamini kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar amaliy, aniq natijaga yo‘naltirilgan hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida qator bitimlar imzoladi. Mazkur hujjatlarda yashil moliyalashtirish vositalaridan unumli foydalanish, ta’lim va akademik almashinuvni jadallashtirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari aks etgan.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi Buyuk Britaniya hukumati, moliya va xususiy sektor vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, investitsiyalar bo‘yicha vazir Lord Jeyson Stokvud, “UK Export Finance” bosh direktori Tim Rid bilan muloqot chog‘ida yurtimizdagi ustuvor infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi. “Standard Chartered” hamda “Benoy” rahbariyati bilan birgalikda sanoat loyihalarini moliyalashtirish, barqaror energetika, zamonaviy shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirishgakelishib olindi.

Vakillarimiz“Lindsay Hoyle” va Mudofaa bo‘yicha davlat vaziri Lord Koaker bilan parlamentlararo, diplomatiya va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Anjuman doirasida Markaziy Osiyo davlatlaridan borib Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan talabalar ishtirokida mintaqamiz qo‘lyozma merosi namoyish etilgan madaniy dastur hamda “Horse Guards” maydonida tantanali marosim o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar ikki va ko‘p tomonlama gumanitar, madaniy aloqalar chuqurlashayotganidan darak berdi.
Shu tariqa Londonda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Buyuk Britaniya” birinchi sammiti mintaqaviy muloqot uchun yangi institutsional platforma yaratdi. Tomonlar iqtisodiy diversifikatsiya, barqaror rivojlanish va strategik bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha umumiy yondashuvni bir ovozdan tasdiqladilar.
D.Hakimov, O‘zA