Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy Osiyo birdamligi – mintaqa taraqqiyoti kafolati
19:08 / 2025-11-10

Samarqandda davom etayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan “Yangi Markaziy Osiyo: madaniyat, ta’lim va ilm-fan orqali birgalikda rivojlanish va farovonlikka erishish yo‘li” mavzusida maxsus tadbir o‘tkazildi.

Unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti mas’ullari, xorijiy mamlakatlarning tegishli idoralari va tashqi siyosat muassasalari, diplomatik vakolatxonalar, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tahliliy tuzilmalari vakillari qatnashdi.

O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo xalqaro instituti boshqaruvchi direktori Javlon Vahobov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Kaha Imnadze, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bo‘lim boshlig‘i Aziza Umarova bugungi kunda mintaqa davlatlari o‘rtasida qaror topgan yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Bu aloqalar madaniy-gumanitar sohalarda ham ancha rivojlandi.

[gallery-26163]

– O‘zbekiston o‘zining amaliy takliflari bilan doimiy ravishda Markaziy Osiyoda alohida o‘rin tutadi, – deydi Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Azamat Toshev. – Bugungi tadbirimiz ham bir necha yo‘nalishlarni qamrab oladi. Birinchi yo‘nalish ta’lim sohasiga qaratiladigan bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish YUNESKO bilan bog‘liq. Bunda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan 16 ta tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, ularning amaliy mexanizmlarini muhokama qilib, birgalikda amalga oshirishga e’tibor qaratilgan. Jarayonda kelajakdagi rejalar ham alohida uqtiriladi. Davlatimiz rahbarining tashabbuslariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, sun’iy intellektdan tortib yoshlar masalalarigacha qamrab olingan. Ayniqsa, ekologiya, fan va ta’lim, gender tenglik masalalari alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston xotin-qizlar masalasi doirasida amalga oshirayotgan islohotlari dunyo e’tirofiga tushgani bejiz emas. Bugungi kunda jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida xotin-qizlar faol ishtirok etmoqda. Bu yerda faqatgina madaniy meros, fan-ta’lim kabilar bilan cheklanib qolmay, YUNESKO tomonidan ilgari surilayotgan barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan holda Markaziy Osiyo xalqlarining do‘stlik siyosatini yanada mustahkamlash borasidagi tashabbuslarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Tadbirda mutaxassislar, xalqaro ekspertlar tomonidan bir qator takliflar, amaliyotda erishilayotgan yutuqlar haqida fikrlar bildirildi.

– Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniy merosi tarixi, arxeologiyasi bo‘yicha Yevropa, AQSH va Osiyo mintaqalaridan kelgan mutaxassislar bilan birgalikda qator xalqaro loyihalar bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqdamiz, – deydi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti direktori Evren Rutbil. – Bugungi tadbir mintaqa taraqqiyotida o‘ta muhim deb o‘ylayman. Madaniyat, ta’lim va ilm-fan rivoji har qanday davlatning taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Ushbu sohalardagi mintaqaviy hamkorlik hududning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Tadbir davomida Markaziy Osiyoning taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shadigan yangi loyihalar, tashabbuslarni aniqlash, ularni amalga oshirish borasidagi takliflar o‘rtaga tashlandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari