Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy laboratoriya amaldagi akkreditatsiya mezonlariga to‘liq muvofiq deb topildi
10:43 / 2022-08-10

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Markaziy laboratoriyasi akkreditatsiya mezonlari va “O’z DSt ISO/IEC 17025-2019” talablariga muvofiqlik bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Akkreditatsiya “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, neft mahsulotlari sifat ko‘rsatkichlari monitoringi jarayonida qabul qilish, topshirish va davriy sinovlarni o‘tkazish uchun zavod markaziy tahlilxonasining kadrlar malakasi hamda texnik jihozlanishini tekshirishdan iborat.

Laboratoriya akkreditatsiyasi doirasiga neft mahsulotlarining 58 ta sifat ko‘rsatkichi, jumladan, zichligi, fraksion tarkibi, yonish nuqtasi, oltingugurt va suvning massa ulushi, kinematik qovushqoqlik, kokslanish, filtrlanishning chegaraviy harorati va boshqalarni aniqlash kiradi.

Zavod laboratoriyasida qabul qilish, topshirish va nazorat qilish, xromatografik usullarda sinovlar o‘tkazish va arbitraj namunalarini saqlash uchun ixtisoslashtirilgan xonalar mavjud. Bino mikroiqlimini mehnatni muhofaza qilish talablari va sanoat xavfsizligi standartlariga muvofiq saqlash uchun tashqaridan havoni haydash, so‘rib olish, konditsionerlash zamonaviy tizimlari bilan jihozlangan. Omborlar neft mahsulotlari, reagentlar, materiallar va tez yonuvchi suyuqliklarning standart namunalarini saqlashga mo‘ljallab jihozlangan.

Hujjatlarni baholash natijalari markaziy laboratoriyaning amaldagi akkreditatsiya mezonlariga to‘liq muvofiqligini ko‘rsatdi. Mutaxassislar laboratoriya xodimlarining yetarli tajribaga ega ekanligini, sinov usullari va ularning natijalarini qayta ishlash bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni bilishini tasdiqladi. Zavod markaziy laboratoriyasining akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumot Akkreditatsiyalangan laboratoriyalar reyestriga kiritildi.

“O’z DSt ISO/IEC 17025-2019” “Sinov va kalibrlash laboratoriyalarining vakolatiga umumiy talablar”ga muvofiqlik uchun akkreditatsiya sertifikati, zavod laboratoriyasining neft mahsulotlari bo‘yicha akkreditatsiya sohasidagi barcha sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha sinov o‘tkazish vakolatini tasdiqlaydi.

Zarif Komilov, O‘zA