English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy kon boshqarmasi 60 yoshda
00:18 / 2024-06-02

Navoiy kon-metallurgiya kombinati barqaror rivojlanish yo‘lida davom etmoqda. Davlatimiz rahbari qo‘llab-quvvatlashi natijasida korxonaning iqtisodiy yutuqlari yildan-yilga ortib bormoqda. Birgina keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar, investitsion loyihalar uning dunyo kompaniyalari bilan bemalol raqobatlasha oladigan zamonaviy korxonaga aylanishi, yuqori o‘rinlarni zabt etishiga katta imkoniyatlar yaratdi.

Kombinat faoliyatiga tatbiq etilayotgan strategik dasturlar, yo‘l xaritalari, investitsion loyihalar uning ishlab chiqarish quvvatini oshirishga xizmat qilmoqda.  

Jumladan, kombinat taraqqiyotida Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan 2017-2026 yillarda kombinatni strategik rivojlantirish dasturi muhim rol o‘ynamoqda  

Natijada rivojlantirish dasturi asosida kombinat jamoasi o‘z bilimi, innovatsion g‘oyalari, kuch va salohiyati bilan nafaqat sohaga, balki dunyoga andoza bo‘lgulik 5-, 6-, 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodi ikkinchi navbati barpo etilgani ma’danni qayta ishlash hajmini salkam 40 million tonnaga yetkazib, buning evaziga mahsulot ishlab chiqarish hajmini joriy yilda 32 foizga  oshirish imkonini berayapti.  

– Jamoamiz investitsion loyihalarni hamjihatlik bilan amalga oshirmoqda, – deydi “NKMK” AJ bosh direktorining investitsiyalar va kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Baxronov. – Natijada kon-metallurgiya sanoatining yuksak namunasi bo‘lgan zavodlar, konlar, yo‘llar, qator ijtimoiy ob’ektlarni ishga tushirishga erishdik. Bu ishlarni g‘oyat qisqa – 5-6 yil ichida bajardik. Biz, quruvchilar kombinat mutaxassislari bilan bir safda mana shunday murakkab jarayonlarda ishtirok etganimizdan, ularni barpo etishga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan faxrlanamiz, Eng muhimi, bu ishlarni amalga oshirish barobarida nafaqat tajribamiz oshdi, balki bunday ulkan loyihalarni kelgusida ham bajarishga o‘zimizda katta ishonch paydo bo‘ldi.  

Bu yutuqlarda, albatta, kombinatning yetakchi ishlab chiqarish tarmog‘i bo‘lgan Markaziy kon boshqarmasi jamoasining ham munosib hissasi bor. Ayni paytda boshqarma o‘zining konlari, gidrometallurgiya zavodlari, transport boshqarmalari, shuningdek, mexanika-ta’mirlash, ilmiy-tadqiqot, kommunal va boshqa tarmoqlariga ega.  

O‘ttiz ikki millat, 21 ming nafar ishchi-xodim, muhandis-texnologlardan tashkil topgan, asosiy qismi yoshlardan iborat jamoaning birdamligi, kasbga bo‘lgan sadoqati ulkan yutuqlarga omil bo‘lmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, istiqbolli loyihalar natijasida 2017 yilda kon boshqarmasi jamoasi tomonidan 75 million kubometrdan ortiq tog‘ jinsi qazib olingan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 166 million kubometrni tashkil etib, o‘sish darajasi ikki baravarga oshdi. Yoki 2017 yilda 62 million tonna ma’dan qayta ishlangan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich qariyb 100 million tonnaga  yetdi.  

Bu yil Markaziy kon boshqarmasi tashkil topganiga 60 yil, 2-gidrometallurgiya zavodi hamda Tashqi suv ta’minoti birlashgan energoxizmati tashkil topganiga 55 yil to‘ldi. Ayni kunlarda bu jamoalar katta mehnat yutuqlari bilan yubiley sanalarini nishonlamoqda.

– Bugun har bir hamkasbimiz qalbida, mehnat jamoalarida, konchilar maskani - Zarafshon shahrida o‘zgacha bayram shukuhi kezmoqda, – deydi Zarafshon mexanika-ta’mirlash zavodi direktori, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni sohibi Yuldash G‘aniyev. – Kombinatda ishlayotganidan mamnun zarshunoslar faxr tuyg‘usi bilan yubileylarni keng tantana qilmoqda. Albatta, kon boshqarmasi va uning bo‘linmalarining bu marralarga yetib kelishida ishlab ketgan, ishlayotgan hamkasblarimizning hissasi beqiyos bo‘lib, fidoyilik ko‘rsatganini yaxshi bilamiz, e’tirof etamiz. Ayni paytda fidoyilar, konchilik va metallurgiya sohasining jonkuyarlari izidan munosib yosh avlod, navqiron sulola yetishib kelayotgani aytishga arzigulik yutuqdir.

Darvoqe, bu mehnatlar o‘zining munosib rag‘batini topib kelyapti. O‘zbekiston Qahramoni Farhod Soyibov, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni sohiblari Sayfiddin Baxronov, Karim Samatov, “Do‘stlik” ordeni sohiblari Sanam Abdullayeva, Andrey Kuleshov, “Shuhrat” medali sohiblari Zohiddin Boboyev, Feruza Karimova, Ixtiyor Usmonov, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Ulug‘bek Quvondiqov, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Davron Namozov va boshqalar shular jumlasidandir.

Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” madaniyat saroyida korxonalarning yubileylari keng nishonlandi. Markaziy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi bo‘linmalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan turli kasb egalari, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda “NKMK” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Q.Sanaqulov ishtirokchilarni qutladi.  

Tantanali tadbirda bir guruh soha ilg‘orlari ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

Kombinat madaniyat saroyi badiiy jamoalari, san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar davraga yanada joziba bag‘ishladi.  

Dildora Karimova,

“NKMK” AJ matbuot markazi xodimi.

O‘zA