Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy harbiy okrug miqyosida 42 nafar harbiy xizmatchining farzandi imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldi
19:25 / 2021-06-10

Markaziy harbiy okrugining Madaniyat va ma’rifat markazida Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilarning farzandlariga kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun beriladigan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbirda okrug qo‘mondonligi, shoir va yozuvchilar, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ishtirok etdi. Okrug qo‘mondonligi harbiy xizmatchilarning farzandlariga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlarini va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan inson bo‘lib yetishishlarini tilab, tavsiyanomalarni topshirdi.

Ta’kidlash joizki, imtiyozli tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari farzandlarining kvota asosida respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq taqdim etiladi.

[gallery-2740]

Imtiyoz mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan haqiqiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlarga, serjantlar va oddiy askarlar tarkibiga mansub bo‘lgan, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga – ular farzandlarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun bevosita komandirlarning (boshliqlarning) tavsiyasi bo‘yicha beriladi.

Qayd etish kerakki, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun byudjet o‘rinlari umumiy abituriyentlar uchun ajratilgan kvotadan alohida ajratiladi.

Joriy yilda okrug miqyosida jami 42 nafar harbiy xizmatchining farzandi imtiyozli tavsiyanomaga ega bo‘ldi.

Alisher ISROILOV (surat), O‘zA