2025 yil. 21150 tonna oliy nav paxta. Hosildorlik hozircha 43,6 sentnerni tashkil etmoqda.
Tasavvur qilyapsizmi, Markaziy Farg‘onaning cho‘l-u qum barxanlari bag‘rida bir gektar maydondan o‘rtacha 43,6 sentnerdan xosil olindi. Bu bugungacha bo‘lgan raqam. Hali o‘nlab gektar birinchi terim paxta dalalari kutib turibdi.



Ha, joriy yil tumandagi 139 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 4 ming 850 gektar maydonga serhosil mahalliy hamda xorijiy g‘o‘za navlari ekilib, agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlandi. 76 sxemada ekilgan 2 ming 700 gektar maydondagi paxta terim mashinalarida yig‘ib olindi. Umuman Yozyovonda yetishtirilgan hosilning 50 foizi texnika bilan terilgani erishilgan yutuqning muhim omillaridan biri bo‘ldi.



Tumandagi “Ilhomjon oltin zamini”, “Kenja Akram Xudoyor”, “Hamzabek Qosimov”, “Maqsuda Xo‘jayeva”, “Agroplanet” kabi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida gektaridan 50 sentnerdan oshirib hosil olindi.
2025 yil paxta yili bo‘ldi. Shartnoma rejasi bajarilgan bo‘lsada, hali dalalarda hosil mo‘l. Terim mavsumi boshlangandan buyon yog‘ingarchilik bo‘lmagani uchun paxta sifati buzilmadi va faqat yuqori sortlarga qabul qilinmoqda.



Ho‘sh, endi ayting, qachon Markaziy Farg‘ona cho‘llarida Yozyovon tumanidagi kabi “katta”, sifatli, serhosil paxta bo‘lgan?
Yozyovonliklar mavsum oxirigacha o‘rtacha hosildorlikni 50 sentnerdan oshirmoqchi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA