English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bojxona laboratoriyasida afg‘on mutaxassislari bepul o‘qitiladi
10:06 / 2026-02-25

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov videokonferensiya tarzida Afg‘oniston bojxona xizmati raisi o‘rinbosari S.Abdulzoda bilan muloqot o‘tkazdi.

Onlayn uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va faol hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv siyosat natijasida o‘zaro iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra Afg‘oniston bilan tashqi savdo hajmi 1,5 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 53 foizga oshgani qayd etildi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi chegara bojxona postlari orqali harakatlangan fuqarolar soni 1,5 barobarga ko‘paygan. Avtotransport vositalari harakati 36 foizga, yuk tashuvchi temir yo‘l vagonlari harakati esa 13 foizga oshgan.

So‘nggi yillarda Afg‘oniston bilan chegara oldi hududlarda savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish maqsadida afg‘on fuqarolari va tadbirkorlari uchun “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tashqi savdo aylanmasining izchil o‘sishi bojxona sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab etmoqda. Shu munosabat bilan uchrashuvda bojxona nazorati va rasmiylashtiruv jarayonlarini soddalashtirish hamda raqamlashtirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston bojxona xizmatlari o‘rtasida tovar va transport vositalari harakati to‘g‘risida dastlabki axborot almashinuvini qayta yo‘lga qo‘yish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu amaliyot tovarlarni chegaraga yetib kelishidan avval tahlil qilish va import jarayonini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beradi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistondan eksport qilinayotgan tovarlarni Afg‘oniston hududida importga rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan ayrim muammolar ham ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita raisi Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasida Afg‘oniston bojxona xizmati xodimlarini tovarlarni ekspertiza qilish va tasniflash yo‘nalishlarida bepul o‘qitishni tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda o‘tdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA