Markaziy bank boshqaruvining 2021 yil 9 dekabrda o‘tkazilgan yig‘ilishida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlari yillik prognoz doirasida shakllanib borayotgan bo‘lsa-da, global va ichki iqtisodiyotda bir qator inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotganligi hamda 2022 yil inflyatsiya prognozlariga erishish uchun mutanosib pul-kredit sharoitlarini yaratish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.
2021 yilning noyabr oyida yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 10,3 foizni tashkil etdi. Bunda, yuqori baza effekti hisobiga inflyatsiyaning yoqilg‘i va trasport xizmatlaridan tashqari barcha guruhlarida yillik o‘sish sur’atlari o‘tgan oylarga nisbatan sekinlashdi. Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 13,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlariniki mos ravishda 7,9 va 8,1 foiz darajasida bo‘ldi.
Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yoqilg‘i mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi 8,9 foizgacha pasaydi. Bunda, bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi hissasi 6,8 foizni tashkil etib, 2018 yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
Noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 16,5 foiz va 15,6 foiz darajasida shakllandi. Bunda, respondentlar inflyatsion kutilmalarning asosiy omillari sifatida yoqilg‘i mahsulotlari va transport xarajatlarining qimmatlashishi, pandemiya bilan bog‘liq noaniqliklarning ishlab chiqarish va mahsulot yetkazib berishga (import) ta’sirini keltirishgan.
Joriy yilning 11 oyida qayd etilgan iqtisodiy faollik va tarmoqlardagi ijobiy ko‘rsatkichlarni hisobga olib yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,5-7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi biroz mavsumiy pasayish tendensiyasiga ega bo‘lsa-da, ijobiy darajada shakllanib, 53,4 tashkil etdi (o‘rtacha yillik 52,9).
2021 yil ikkinchi yarmidan boshlab keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan fiskal rag‘batlantirishlar va pul-kredit siyosatining joriy sharoitlari 2022 yilning birinchi yarmida ham iste’mol talabi va investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiy o‘sish sur’atlar o‘zining uzoq muddatli ko‘rsatkichlariga, iqtisodiyot esa o‘z salohiyatli darajasiga yaqinlashadi.
Kreditlash faolligining saqlanib qolishi natijasida yanvar-noyabr oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sgan bo‘lsa, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi 14 foiz bandga yaxshilanib, 72 foizga yetdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA