Markaziy banki tomonidan banklarni tartibga solish va nazorat qilish sohasida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2026–2027 yillar uchun belgilangan rejalar bo‘yicha navbatdagi media‑muloqot tashkil etildi.
Tadbir davomida mamlakat bank-moliya tizimi barqarorligini oshirish, bank faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish va qator muhim islohotlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.


Media‑muloqotda 2025 yilda amalga oshirilgan asosiy tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, banklarni sanatsiya qilish mexanizmi yaratildi. Bu muammoli banklarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Omonatlarni kafolatlashning yangi tizimi joriy etildi. Bu fuqarolar mablag‘lari xavfsizligini ta’minlaydi. Islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonunchilik ishlab chiqildi va qator tashabbuslar amalga oshirildi.
Media‑muloqotda 2026–2027 yillar uchun rejalar borasida ma’lumot berildi. Markaziy bank 2026–2027 yillarda bank tizimini yanada mustahkamlash, Makroprudensial siyosatni takomillashtirish va qator yangi chora-tadbirlarni joriy qilishni belgiladi.


Ushbu chora-tadbirlar banklar faoliyatida shaffoflikni oshirish, xavflarni samarali boshqarish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, fuqarolar va biznes uchun ishonchli bank xizmatlarini ta’minlashga qaratilgan.
Uchrashuv so‘ngida ta’kidlanganidek, tartibga solish va nazorat qilish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar endilikda bozor ishtirokchilari bilan muntazam muhokama qilib boriladi. Bu qadamlar O‘zbekiston bank tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish va xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA