Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy banklar o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha ma’lumot almashiladi
15:41 / 2024-06-21

Boku shahrida Ozarbayjon hamda Markaziy Osiyo davlatlari Markaziy banklari to‘lov tizimlari mutaxassislarining mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Markaziy banki vakillari ham ishtirok etdi.

Ishtirokchilar to‘lov tizimlari, moliyaviy texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohalari bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qildi hamda tajriba almashdi.   

O‘zbekiston Markaziy banki xodimlari uchrashuv doirasida “Suptech va Regtech” mavzusida taqdimot o‘tkazdi. Taqdimot davomida nazorat va tartibga solish tizimlarining samaradorligini oshirishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, vakillarimiz “Kiberxavfsizlikning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. Unda raqamli tahdidlar kuchayib borayotgan bir sharoitda kiberxavfsizlikni ta’minlash ma’lumotlar va axborot tizimlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ko‘rsatib o‘tildi.   

Tadbirda Ozarbayjon to‘lov sanoatidagi so‘nggi tendensiyalar, Qozog‘iston misolida Open API va Open Banking’ni joriy etish, Qirg‘iz Respublikasi to‘lov tizimini raqamlashtirish hamda Markaziy banklarda raqamli valyutalarni (CBDCs) rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar FinTech’larni huquqiy tartibga solish hamda Ozarbayjonda ochiq banking joriy etilishini ko‘rib chiqdi.   

Bundan tashqari, Markaziy banklar o‘rtasida kiberxavfsizlik bo‘yicha ma’lumot almashish, ichki karta infratuzilmasini markazlashtirish, tezkor to‘lov tizimlari hamda masofaviy va transchegaraviy identifikatsiya tizimlarini integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar faoliyatini tartibga solishning o‘ziga xos jihatlari muhokama qilindi.  

Mazkur tadbir mintaqada zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish uchun hamkorlik va tajriba almashishni mustahkamlash bo‘yicha muhim platformaga aylandi.   

Tadbir ishtirokchilari to‘lov tizimlarini rivojlantirish va integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqishdi hamda hamkorlikni davom ettirish va markaziy banklar o‘rtasida ma’lumot almashish bo‘yicha kelishuvlar tuzdi.  

 Sh.Mamaturopova, O‘zA