Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bankka oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun banklarga kamida 2 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratish topshirig‘i berildi
19:13 / 2023-08-11

-

Davlatimiz rahbarining joriy yil 8 avgustda “Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Ushbu hujjatga muvofiq, Markaziy bankka 2024 yildan boshlab har yili tijorat banklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kamida 2 trln. so‘m kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bundan tashqari, regulyatorga quyidagi shartlar asosida kredit mablag‘lari ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yangidan tashkil etilgan, hisob raqamida mablag‘ yetarli darajada aylanmagan tadbirkorlik sub’ektlariga, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun garov ta’minotidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (330 mln so‘m) ajratiladi. Shu bilan birga, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda ishlab chiqarish jarayonidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash, bilim va salohiyatini oshirish maqsadida ularning xorijiy davlatlarda tahsil olishlari uchun 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda kredit ajratiladi.  

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, bugungi kunda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi («suveren jamg‘arma», mamlakat konsolidatsiyalangan byudjetining bir qismi) yoki Moliya vazirligi tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari, yevroobligatsiyalar yoki kreditlar hisobidan ajratilardi. Lekin, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat byudjetining xarajatlari daromadlaridan 29 trillion so‘mga (2,5 milliard AQSH dollari) oshib ketdi. 2023 yil oxirida profitsit prognoz qilinganiga qaramay, defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi. 

Konsolidatsiyalangan byudjet (davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini o‘z ichiga oladi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozircha ochiqlanmadi. Yana bir ma’lumot, davlatimiz rahbari joriy yil 2 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda «mahalla yettiligi» kafolati ostidagi oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga garovsiz kreditlar limiti 33 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshirilishini ma’lum qilgandi. Mablag‘larning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.  

Sh.Mamaturopova, O‘zA