Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank raisining parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi
13:24 / 2025-08-19

Qonunchilik palatasining majlisida Markaziy bank raisi T.Ishmetovning “Bank tizimini isloh qilish va tijorat banklarini transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar”ga oid parlament so‘roviga javobi atroflicha muhokama qilindi.

So‘rovda davlat ulushiga ega banklarni transformatsiya qilish, xalqaro standartlar va axborot texnologiyalarini joriy etish, xorijiy investorlarni jalb qilish, bank xizmatlari qamrovini kengaytirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash hamda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Markaziy bank javobida qayd etilganidek, 2020-2025 yillarda 3 ta bank xususiylashtirilib, 9 ta yangi xususiy bank, shu jumladan 3 ta xorijiy moliya muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Buning natijasida davlat ulushiga ega banklar aktivlari ulushi 85 foizdan 65 foizgacha qisqargan.

[gallery-24853]

Deputatlar parlament so‘roviga olingan javobda keltirilgan natijalarni ijobiy baholadi. Xususan, 2020-2025 yillar davomida davlat ulushiga ega banklarning kapital bazasini mustahkamlash maqsadida jami 34,1 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Mazkur choralar kreditlash imkoniyatlarini kengaytirish, bank xizmatlari sifatini oshirish va tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga xizmat qilgan.  

2021 yil aprel oyidan boshlab Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar olish, shaffoflikni, mablag‘lar samaradorligini ta’minlash maqsadida www.oilakredit.uz (https://www.oilakredit.uz/) yagona elektron platformasi ishga tushirildi. Bu bilan oilaviy kreditlarni monitoring va nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Xalq vakillari kelgusida aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni rivojlantirish maqsadida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik choralarini kengaytirish zarurligiga e’tibor qaratdilar. Shu bilan birga, bank va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida ma’lumotlarni muhofazalangan telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimini joriy qilish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha takliflar berdilar.

Majlisda taqdim etilgan parlament so‘roviga javob ma’lumot uchun qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA