Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yuborildi
15:11 / 2025-07-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Markaziy bank raisiga “Bank tizimini isloh qilish hamda banklarni transformatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda bank sektorini tubdan transformatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 maydagi farmoniga asosan, 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi qabul qilingan va bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, tahlillar bank sektorida davlat ulushi yuqori darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, xususiy banklar aktivlarining bank sektori aktivlari umumiy hajmidagi ulushi ham strategiyada 2025 yil uchun belgilangan maqsad ko‘rsatkichlaridan pastligicha qolmoqda.

Banklarni transformatsiya qilishdagi bunday holatlar esa tadbirkorlik sub’ektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.  

[gallery-24409]

Bugungi kunda yangi tashkil etilgan kredit tashkilotlarining asosiy qismi Toshkent shahri va viloyat markazlarida joylashgani sababli qishloq hududlarida ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan. Bu esa bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish hamda bunday xizmatlarning barcha aholi punktlarida ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini talab etmoqda.

Shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bank kartalari orqali firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan choralar, xususan, bank tizimida zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash borasida ham tezkor chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shulardan kelib chiqib, banklarni transformatsiya qilish, tadbirkorlik sub’ektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirish, bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi T.Ishmetovga ushbu masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi yuborilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,  

Asliddin Alijonov (surat),  

O‘zA