Markaziy bank raddiya berdi
Firibgarlar tomonidan Telegram messenjeri orqali Markaziy bank ramziy belgilari aks ettirilgan soxta profillardan qalbaki guvohnoma va hujjatlar rasmlarini yuborish holatlari yuzasidan Markaziy bank axborot xizmati raddiya berdi.
"Fuqarolarimiz yolg‘on xabarlarga aldanib, firibgarlarga o‘zining shaxsga doir va bank karta ma’lumotlari hamda bir martalik tasdiqlash kodlarini (OTP) berishi, shuningdek, telefon qurilmasiga zararli ilovalarni o‘rnatishi natijasida bank kartalaridagi pul mablag‘laridan ayrilib qolmoqda.



Shu munosabat bilan yuqorida ko‘rsatilgan soxta profillardan xabarlar kelsa, muloqotga kirishmaslik, yuborilgan shubhali havolalarni bosmaslik, zararli (APK) ilovalarni telefonga o‘rnatmaslik hamda ushbu foydalanuvchini “bloklab qo‘yish” tavsiya etiladi.

Markaziy bank bu kabi xabarlar va akkauntlarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qiladi", deyiladi xabarda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA