O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar (fintex) sohasini tubdan rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam qo‘yildi.
Joriy yil 27 noyabr kuni “O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga mamlakatimizda fintex ekotizimini 2026–2030 yillarda yangi darajaga olib chiqishni maqsad qiladi. Qarorga muvofiq, Markaziy bank huzurida MCHJ shaklida ustav jamg‘armasi 50 million AQSH dollariga teng bo‘lgan venchur fond tashkil etiladi. U fintex yo‘nalishidagi startaplarni moliyalashtirish, yangi texnologik yechimlarni qo‘llab-quvvatlash va bozorga chiqarishda asosiy pul muomala markaziga aylanadi.
Shu bilan birga, startaplar uchun alohida innovatsion xab tashkil etilib, bu yerda, fintex bo‘yicha ta’lim dasturlari, akseleratsiya va mentorlik platformalari, investitsiya imkoniyatlari yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yil 1 yanvardan innovatsion xab ishtirokchilari fintex kurslarida o‘qish va sertifikat olish bo‘yicha xarajatlarining 50 foizigacha, ammo 20 ming dollardan oshmagan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu startaplar, IT mutaxassislar va yangi loyihalar uchun muhim rag‘bat bo‘ladi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2030 yillarda fintex startaplariga kamida 1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, fintex bozori ishtirokchilari soni 200 taga yetishi ko‘zda tutilgan.
Zamonaviy moliyaviy infratuzilmaning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan open banking — ochiq banking tizimi 2026 yil 1 sentyabrgacha ishga tushiriladi. Bu banklar, to‘lov tashkilotlari va fintex kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi.
Ochiq banking raqamli to‘lovlarni yanada tezlashtiradi, fintex mahsulotlari sifatini oshiradi, raqobatni kuchaytiradi. 2026 yil 1 yanvardan barqaror tokenlar (stablecoins) aylanmasini tartibga soluvchi maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Shu doirada taqsimlangan reyestr texnologiyasi (blockchain) asosida to‘lov tizimi bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, “tartibga solish qumdoni” rejimi ishga tushirilib, unda ishtirok etuvchi kompaniyalar uchun yengillashtirilgan sharoitlar yaratiladi. Shu bilan birga, 2026 yildan O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalar chiqarishga ruxsat beriladi. Litsenziyaga ega fond birjalarida ushbu aktivlar muomalasi uchun alohida savdo maydoni tashkil qilinadi.
2026 yildan boshlab Markaziy bank har yili fintex yo‘nalishida xalqaro forumlar o‘tkazadi. Bu esa chet ellik investorlarni jalb qilish, mahalliy startaplarni jahon bozoriga olib chiqish, O‘zbekistonni mintaqaviy fintex markaziga aylantirish imkonini beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, qabul qilingan qaror O‘zbekiston fintex bozorini rivojlantirishda tub burilish nuqtasi bo‘ladi. Venchur fond tashkil etilishi, innovatsion xabning ochilishi, zamonaviy huquqiy rejimlar, tokenlashtirilgan aktivlar va ochiq banking — bularning barchasi mamlakat moliyaviy ekotizimini raqamli bosqichga olib chiqadi.
Bu tashabbuslar natijasida O‘zbekiston yaqin yillarda Markaziy Osiyoning fintex markaziga aylanishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA