Markaziy bank 1 iyul holatida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari holatini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi 35 milliard 583,5 million AQSH dollarini tashkil qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yilning iyun oyida o‘tgan oyga nisbatan 179,8 million dollarga ko‘paydi. Zaxira aktivlar tarkibida monetar oltin 21,22 milliard dollarni tashkil etmoqda. Monetar oltin qiymati 39,8 million dollarga, hajmi esa 280 ming unsiyaga ko‘paygan.
Yalpi zaxiralarning valyuta qismi iyun oyi bilan solishtirganda o‘sish hajmi 157,5 million dollarni tashkil qilgan. Valyuta zaxiralari hozirda 13,3 milliard dollarni tashkil qilmoqda.
Naqd valyuta va depozitlarning 328,5 million dollari boshqa markaziy banklarda, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) hamda Xalqaro hisob-kitoblar banki (XHKB)da, qolgan 12,979 milliard dollari esa bosh ofisi xorijda joylashgan banklarda saqlanmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, iyun oyi davomida ham katta ehtimol bilan narxlari tobora pasayib borayotgan oltin sotilmagan. Shu bilan birga zaxiralarning valyuta qismining o‘sishiga erishilgan.
Oltin sotilmagan oylarda xalqaro zaxiralarning, ayniqsa uning valyuta qismining o‘sishi yuz berishi teskari intervensiya (nosteril intervensiya - xorijiy valyuta sotib olinishi) natijalari tufayli ham bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 444,3 million dollarga yoki 1,3 foizga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1813,60 dollargacha o‘sishining ta’siri 168 million dollarni tashkil qildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA