Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank: O‘zbekistonda uy-joylarning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga ortiqcha baholangan
16:23 / 2023-10-26

Markaziy bankning 2023 yil birinchi yarim yillik moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilinishicha, joriy yil birinchi yarim yilligida moliyaviy sharoitlar biroz qat’iylashishiga qaramasdan, O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlik saqlanib qolgan.

Qayd etilishicha, aholi qarz yuki sezilarli tarzda oshib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda chakana kreditlash segmentida faollik keskin oshgan. Xususan, aholining yalpi va ipoteka kreditlari bo‘yicha qarz yuki oshib borish holati kuzatildi.  

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda yuqori kreditlash jarayonining kuzatilishi natijasida, jami kreditlarning YAIMga nisbati yuqori darajada shakllandi. Aholiga taqdim etilayotgan kreditlar qoldig‘ining yillik hisobda tez sur’atlarda o‘sishi moliya tizimida kredit tavakkalchiliklari ko‘payishiga, shuningdek, nisbatan kam daromadli qarzdorlarning kreditlarni qaytara olmaslik xavfining oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.  

Joriy yilning birinchi yarim yilligida aholining jami kreditlari bo‘yicha qarzga xizmat ko‘rsatish nisbati biroz ortgan. Shuningdek, sharhda qayd etilishicha, qarz yukining ortishi, uy-joylar narxi va avtokredit ajratish sur’ati ehtimoliy shoklar yaratishi mumkin bo‘lgan xatarlar qatorida sanalgan. O‘zbekiston hududida uy-joylar bozor narxlarining fundamental qiymatidan ortishi saqlanib qolmoqda. 2023 yilning birinchi yarim yilligida uy-joylarning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga ortiqcha baholangan. Ipoteka krediti qarzdorlari o‘z daromadlarining o‘rtacha 46 foizini qarz so‘ndirishga yo‘naltirmoqda. Bu ko‘rsatkich 1 yil davomida 9,3 foiz bandiga oshgan. Har ming aholidan 16 tasi ipotekadan qarzdor.  

Yetti yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston bozorida asosiy o‘yinchi bo‘lib kelgan kompaniya hozirda muhim transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda.  

Shuningdek, banklar tomonidan avtokredit ajratish talablarining yengillashtirilishi natijasida yuzaga kelgan avtokreditlarning yuqori o‘sish sur’atlari avtoulov bozorida talab hajmini yanada rag‘batlantirdi. Avtoulov bozoridagi mavjud yuqori talab sharoitidagi cheklangan ichki taklif va avtoulov importidagi yuqori bojxona stavkalari avtoulov narxlarining o‘sishiga va asosiy jamg‘arish aktivlaridan biri sifatida shakllanishiga sabab bo‘lib kelmoqda. Shu bilan birga, avtoulovlarning investitsion jozibadorligi oshgan holda spekulyatsion jarayonlar ortib bormoqda.  

Qayd etilishicha, 2025 yil oxiriga kelib, xatarli ssenariy bank sektori bo‘yicha kapital monandlilik ko‘rsatkichi 13,6 foizda shakllanishini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ushbu ssenariyda kreditlar bo‘yicha sezilarli yo‘qotishlarning yuzaga kelishi, qimmatli qog‘ozlar va uy-joy bo‘yicha yo‘qotishlarning mavjudligi hamda tavakkalchilikka tortilgan aktivlarning ko‘payishiga qaramay, sof foizli va foizsiz daromadlarning yuqori ekanligi o‘rnatilgan minimal talabdan yuqori bo‘lishiga olib keladi.  

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA