O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida mehnat bozorida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda nominal ish haqi 19,2 foizga, real ish haqi esa 9,1 foizga oshgan. Bu jarayonda davlat xodimlari maoshining oshirilishi hamda inflyatsiya darajasining pasayishi muhim omil bo‘lgan.
2025 yilning III choragida (iyul–sentyabr) mamlakatda bo‘sh ish o‘rinlari soni 3,3 foizga ko‘paydi. Eng ko‘p vakantlar savdo (17,9 foiz), umumiy ovqatlanish (17,1 foiz) va ishlab chiqarish (17 foiz) sohalariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, aholining ish qidirish faolligi biroz pasaygan bo‘lsa-da, rezyumelar soni yuqori darajada saqlanib qolgan. Ayniqsa savdo, xizmat ko‘rsatish, uy xizmatchiligi, marketing va reklama sohalarida ish izlovchilar soni ortgan. Sentyabr oyida onlayn ish qidirish faolligining mavsumiy o‘sishi sekinlashgan.
Markaziy bank so‘rovlariga ko‘ra, iyul–avgust oylarida kelgusi uch oyda ish o‘rinlarini ko‘paytirishni rejalayotgan tadbirkorlar ulushi 33,9 foizni tashkil etgan (II chorakda — 30,2 foiz). Sentyabr oyida esa mavsumiy omillar ta’sirida ushbu ko‘rsatkich 30,8 foizga tushgan.
Shu bilan birga, ish o‘rinlarini qisqartirishni rejalayotgan tadbirkorlar ulushi ham oshgan — 8,7 foizdan 12,7 foizgacha. Ayniqsa savdo (25,6 foiz) va qurilish (16,4 foiz) sohalarida bunday rejalar ko‘proq qayd etilgan.
To‘qqiz oy yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,2 million so‘mni tashkil etgan. Eng yuqori maoshlar moliya va sug‘urta (16,8 mln so‘m), axborot va kommunikatsiya xizmatlari (15 mln so‘m) sohalarida saqlanib qolgan.
Ijtimoiy xizmatlar, tashish va saqlash sohalarida ish haqi boshqa tarmoqlarga nisbatan tezroq o‘sgan. Qurilish sohasida esa nominal ish haqi 9,2 foizga oshgan bo‘lsa-da, real hisobda 0,1 foizga kamaygan.
Hududlar kesimida real ish haqining eng yuqori o‘sishi Samarqand (14,6 foiz), Sirdaryo (11,1 foiz) va Namangan (10,9 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Eng past ko‘rsatkichlar Andijon (2,9 foiz) va Navoiy (5,9 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Markaziy bank tahliliga ko‘ra, ish haqi o‘sishidagi hududiy tafovutlar iqtisodiy faollik va mehnat bozoridagi talab bilan bog‘liq. Ayni paytda ish haqining unumdorlikdan tez o‘sishi inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin.
2025 yilning III choragida mehnat muhojirlari O‘zbekistonga 5,7 milliard dollar pul o‘tkazgan. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga ko‘p. Markaziy bank bu o‘sishni mehnat muhojirlarini qabul qilayotgan davlatlarda ish haqi oshgani, iqtisodiy faollik yuqori bo‘lgani va valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi bilan izohlagan.
Markaziy bank ma’lumotida Boltiq davlatlari va boshqa mintaqalardan kelgan pul o‘tkazmalari 40 foizga oshgani, Yevropa, Rossiya va Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan o‘tkazmalarda esa o‘sish sur’ati sekinlashgani qayd etilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA