English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank: Noyabr oyida muammoli kreditlar 1,8 trillion so‘mga qisqardi
14:13 / 2025-12-24

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabr holatiga bank tizimining umumiy kredit portfeli 595,3 trillion so‘mga yetgan. Shu bilan birga, muammoli kreditlar (NPL) qoldig‘i 20,5 trillion so‘mni tashkil etib, umumiy portfeldagi ulushi 3,45 foiz darajasida qayd etildi.

Xususan, noyabr oyida bank tizimida sezilarli ijobiy dinamika kuzatildi: umumiy kredit portfeli 2,5 trillion so‘mga oshgan, muammoli kreditlar esa, aksincha, 1,8 trillion so‘mga kamaygan. Bu holat banklar tomonidan qarzdorlikni qayta tuzish, muammoli aktivlar bilan ishlash va risklarni boshqarish choralari samara berayotganidan dalolat beradi.

Kredit portfelining o‘sishiga Xalq banki (+597 mlrd so‘m), Infinbank (+507 mlrd so‘m), Aloqa bank (+490 mlrd so‘m), Kapitalbank (+434 mlrd so‘m), Anorbank (+397 mlrd so‘m) eng ko‘p hissa qo‘shgan.

Muammoli kreditlar kamayishining asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklar hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu toifada NPL 1,3 trillion so‘mga qisqargan. Qolgan 570 milliard so‘m kamayish esa xususiy banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, NPL darajasining 3,5 foizdan past saqlanishi bank tizimi barqarorligi uchun nisbatan maqbul ko‘rsatkich hisoblanadi. Noyabr oyidagi natijalar esa 2025 yil yakunida kredit portfeli sifati yanada yaxshilanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA