Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank nima sababdan asosiy stavkani tushirmadi? (+video)
19:08 / 2026-01-28

Markaziy bank tomonidan asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda yig‘ilishda qabul qilingan qaror va uning asosiy sabablari, shuningdek, inflyatsiya va iqtisodiy faollikka ta’siri haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Jurnalistlar bilan muloqot jarayonida Markaziy bankning pul-kredit siyosati, inflyatsiyani targetlash va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash mexanizmlari batafsil tushuntirildi.

Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari va inflyatsion xatarlar fondida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlash to‘g‘risida qaror qabul qilgani qayd etildi.

– 2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori bo‘lib, barqaror yalpi talab omillari inflyatsiyaning sekinlashuv dinamikasida ustuvor ahamiyat kasb etdi, – dedi Markaziy bank raisi Timur Ishmetov. – Tovarlar narxlarining o‘sishi hamda inflyatsiya pasayishi sekinlashishi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘ldi. 2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 7,3 foizgacha, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizgacha pasaydi. Bunda qat’iy pul-kredit siyosati, so‘m kursining mustahkamlanishi va import narxlari hissa qo‘shgani qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim omillar inflyatsiyaning barqaror pasayishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Xizmatlar inflyatsiyasi: talab omillari ta’sirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanmoqda. Inflyatsion kutilmalar: dekabr oyida pasayish tendensiyasi to‘xtab, biroz o‘sishi qayd etildi. Mavsumiy omillar: qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar va ayrim oziq-ovqat tovarlari taklifi narxlarga bosim ko‘rsatishi mumkin. Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar bo‘lsa-da, umumiy ta’sir mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Qimmatbaho metallar narxlarining yuqoriligi eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ichki valyuta bozorida eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmi ta’sirida so‘m 2025 yilda 6,9 foizga mustahkamlandi. Bu import inflyatsiyasi va dollarlashuv darajasini pasaytirish, shuningdek tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini kamaytirishga yordam berdi.

Joriy faollik fondida yil yakunida iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,5−7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanadi.

Markaziy bank inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, kelgusi choraklarda asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi.

Anjumanda Markaziy bank raisi va boshqa rahbarlar yig‘ilish natijalari, qarzlar, inflyatsiya va iqtisodiy kutilmalar bo‘yicha jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.  

Markaziy bank rahbari kommunal xizmatlar tarifini bir oyda emas, aniq bir vaqtda oshirish taklifi inflyatsion kutilmalarni yumshatishi mumkinligini aytdi.  

Anjumanda markaziy bankning qisqa va bir xil QR‑kodlar va raqamli platformalar yordamida to‘lovlar tizimlarini yaxshilash bo‘yicha rejalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda yangi standartlar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wPqvAyzIViE" title="Markaziy bank nima sababdan asosiy stavkani tushirmadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,

Doniyor Yoqubov (video), O‘zA