Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda
18:11 / 2025-12-19

Markaziy bank tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida joriy yilning 9-19 dekabr kunlari “Mahalla kutubxonalarida faoliyat yurituvchi kutubxonalarning moliyaviy savodxonligini oshirish” mavzusida 10 kunlik o‘quv dasturi tashkil etildi.

Mazkur tashabbus mahalla kutubxonalarini nafaqat kitob o‘qish maskani, balki bolalar va aholi uchun moliyaviy bilimlar markaziga aylantirishga qaratilgan. O‘quv dasturi orqali kutubxonalarning moliyaviy ta’lim sohasidagi salohiyatini oshirish, ularni aholi va yoshlar uchun malakali ta’lim beruvchi maskan sifatida shakllantirish maqsad qilingan.

Dastur doirasida ishtirokchilarga o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashga mo‘ljallangan qator muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi. Jumladan, byudjet boshqaruvi — shaxsiy mablag‘larni rejalashtirish va boshqarish, jamg‘arish mexanizmlari — pulni samarali jamg‘arish usullari, bank xizmatlaridan foydalanish — bank xizmatlarini oqilona tanlash va undan to‘g‘ri foydalanish, shuningdek, moliyaviy xavfsizlik — firibgarlik holatlaridan himoyalanish va moliyaviy tavakkalchiliklarni kamaytirish masalalari atroflicha yoritildi.

Tadbir davomida bank-moliya sohasiga oid asosiy tushunchalar, bank xizmatlaridan foydalanishning huquqiy asoslari, jamg‘arish madaniyatini shakllantirish hamda moliyaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bilimlar berildi. Yoshlarga bank xizmatlari, ularning huquq va majburiyatlari, moliyaviy barqarorlikka erishish yo‘llari haqida tushunchalar yetkazildi.

Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olish imkoniyatiga ega bo‘lib, amaliyotga yo‘naltirilgan bahs va munozaralarda faol ishtirok etdi. O‘quv jarayoni interaktiv mashg‘ulotlar, amaliy topshiriqlar va muloqotli sessiyalar orqali tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarning auditoriya bilan ishlash, muloqot qilish va motivatsion yondashuv bo‘yicha ko‘nikmalarini yanada rivojlantirdi.

[gallery-26816]

Tadbir yakunida test natijalariga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etgan ishtirokchilar sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.Shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan ishlar doirasida maktablarda ochiq darslar, mahorat darslari, o‘quvchilar o‘rtasida moliyaviy matematika bo‘yicha testlar, o‘qituvchilar orasida “Eng yaxshi dars” tanlovlari ham o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Markaziy bank tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2024 yildan boshlab “Moliyaviy savodxonlik to‘garagi” loyihasi respublika bo‘yicha 100 ta maktabda 5-11 sinf o‘quvchilari ishtirokida sinov tariqasida joriy etildi.

Loyiha doirasida Respublika ta’lim markazi bilan hamkorlikda kompleks o‘quv-metodik materiallar ishlab chiqildi. O‘quv materiallari o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda (5-7, 8-9 va 10-11 sinflar kesimida) tayyorlanib, o‘quv qo‘llanma, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma hamda o‘quvchilar uchun mashq daftarlarini o‘z ichiga oldi.

To‘garak doirasida omonat va kredit foizlarini hisoblash, shaxsiy inflyatsiya darajasini aniqlash, bank kartalaridan xavfsiz foydalanish, bank xizmatlarini tanlash va shartnomalarni tahlil qilish, ijtimoiy injiniring hamda moliyaviy firibgarlikdan himoyalanish kabi muhim mavzular qamrab olingan. Barcha o‘quv materiallari hayotiy misollar va amaliy keyslar bilan boyitilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Shahnoza Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA