Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank mas’ul xodimi yaroqsiz pullarni almashtirish tartibi va 1000 so‘mlik banknota haqida
08:36 / 2022-01-11

Saytimizda “O‘zbek so‘mi — Markaziy bank mas’ul xodimi amaldagi banknotalar haqida ma’lumot berdi” materialida odamlar qo‘lida muomilada bo‘lgan o‘zbek so‘mi qanday holatlarda yaroqsiz hisoblanishi va eskirgan pullarning savdo shoxobchalarida qabul qilinishi shart ekani haqida ma’lumot bergan edik.

Endi esa pullarni almashtirish tartibi va yaqin vaqt ichida amaldagi 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi yoki chiqarilmasiligi haqidagi savollarga javob izlaymiz.

Eslatib o‘tamiz, savollarga Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin BOZOROV javob qaytargan.
—  G‘ijimlangan, yirtilgan pullarni banklarda almashtirib olish imkoni bormi? Buning tartibi qanday? 
– Agar banknot yuqorida aytib o‘tilgan “to‘lovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub bo‘lmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin. Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng bo‘lgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi. 
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunda ham banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib berishi qayd etilgan. 
“Eskirgan” pullar banklarda qabul qilingach, ular qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Eslatib o‘taman, “to‘lovga yaroqsiz” pullar banklarda almashtirib berilmaydi. 
—  Hozirda 1000 so‘mlik qog‘oz pullar juda eskirib ketgan. Hatto shu eskirgan pullarni topish ham muammo bo‘lmoqda. Pullarni yangilab borilishi tartibi mavjudmi? Yaqin muddatda 1000 so‘mlikni muomaladan chiqarish aytilgan edi? Bu xabar qanchalik asosli? 

–  Barchaga ma’lum, 1000 so‘m nominal qiymatdagi banknot 2001 yilda muomalaga chiqarilgan. Ularning aksariyat qismi uzoq vaqt davomida muomalada bo‘lgani sababli xaqiqatda urinib qolganligini kuzatish mumkin. 
Buning asosiy sababini ushbu pullarning boshqa yirikroq nominaldagi banknotlarga nisbatan ko‘proq muomala jarayoniga kirishi, ya’ni qo‘ldan-qo‘lga o‘tishi faol bo‘lgani sababli tez eskirishi hamda shu holatda, banklarga kelib tushmasdan aholi qo‘lida uzoq muddat qolib ketishi bilan izohlash mumkin. Bu qiymatdagi banknotlar hozirda ham bosib chiqarilmoqda va talabdan kelib chiqqan holda muomalaga kiritib borilmoqda. 
Biroq bugungi kunda banknotlar muomalaga asosan bankomatlar orqali chiqarilayotgani va bankomatlardan asosan yirik nominaldagi banknotlar joylashtirilishi sababli 1000 so‘mlik banknotlar muomaladan kamayib borayotgani haqiqat. Bu tabiiy jarayon bo‘lib, xuddi tovarlarga o‘xshab talab kamaysa, banknotlar ham muomaladan kamayib boradi. 

— Bankomatlarga 1000 so‘mlik ham joylashtirilsa bo‘lmaydimi?  

— Bo‘ladi. Lekin banknotlar sig‘imi cheklangani sababli ularni bir martalik to‘ldirish orqali imkon qadar ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ya’ni joylashtirilgan pul tez tugab qolmasligi uchun ko‘proq yirik qiymatdagi banknotlardan foydalaniladi. Naqd pullarni bevosita bank kassalaridan olganda zarur hollarda bir qismini 1000 so‘mlik banknotlar sifatida olinishi maqsadga muvofiq. 

Ta’kidlash lozimki, Markaziy bank doimiy tarzda muomaladagi naqd pullarning qatorini optimallashtirish, eskirganlarini muomaladan qaytarib olish va ularning o‘rniga yangi banknot va tangalarni muomalaga kiritib borish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Yaqin orada 1000 so‘mlik nominaldagi banknotlarni muomaladan chiqarilishi ko‘zda tutilmagan. 

 

Shahnoza Mamaturopova, 
O‘zA muxbiri