Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank karta egalarini hushyorlikka chaqirdi
15:28 / 2022-08-03

Markaziy bankning xabar berishicha, bank kartasi egasining ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga SMS orqali yuborilgan bir martalik tasdiqlovchi kodni kiritmasdan turib, mobil ilovadan ro‘yxatdan o‘tish yoki kartani mobil ilovaga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalarining xavfsizligini ta’minlash uchun hozirgi kunda yetarlicha choralar ko‘rilgan. Bank kartasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va uning PIN-kodini ishlatmasdan, uni mobil ilovalarga biriktirmasdan turib, bank kartasidagi pul mablag‘ini yechib olish yoki uni boshqarish imkoniyati yo‘q. Xususan, bank kartasidan mobil ilovalar orqali foydalanish uchun bank kartasining egasiga bir martalik tasdiqlovchi kod yuboriladi. Mazkur kodni belgilangan vaqt oralig‘ida tizimga kiritmasdan turib kartani mobil ilova akkauntiga biriktirish mumkin emas.

Bank kartalaridan pul yechib olish holatlari ayrim fuqarolarni firibgarlarning aldoviga ishonib, o‘ziga tegishli bo‘lgan karta ma’lumotlarini oshkor etishlari natijasida kuzatilmoqda.

Firibgarlik holatlarining oldini olish uchun bank plastik kartani olgach, faqat o‘zining telefon raqamiga SMS xabarnoma xizmati ulanishi zarur. SMS xabarnoma orqali kelgan bir martalik tasdiqlash kodini hech kimga oshkor etmaslik kerak. Chunki, bank yoki to‘lov tashkilotining xodimlari hech qachon sizga yuborilgan tasdiqlash kodlarini, kartangizning to‘liq raqami va amal qilish muddatini so‘ramaydi. SMS orqali kelgan xabarni diqqat bilan o‘qing. Unda kartangiz bilan bog‘liq amaliyot to‘g‘risida ma’lumot va tasdiqlash uchun kod keltiriladi. Ushbu kodni har qanday holatda ham birovga oshkor etmang.

Eslatib o‘tamiz, bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovalaridan foydalanganingizda murakkab parollarni qo‘llagan ma’qul.

Qolaversa, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazilgan akkauntingizga kirish uchun faqat o‘zingizning qurilmangizdan foydalaning.

Internet orqali tovar yoki xizmatlarni xarid qilish uchun faqat rasmiy, ishonchli saytlardan foydalaning. Agar sizga to‘lovni amalga oshirish yoki kartangizga pul o‘tkazish maqsadida havola taqdim etilgan bo‘lsa, uni qayta tekshirib ko‘ring. Taklif etilayotgan veb-sahifaning rasmiy ekanligini tekshirish lozim.

Ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlar orqali sizga jo‘natilgan shubhali havolalarni ochmang. Sizga pul o‘tkazish uchun kartangizning raqamlari va amal qilish muddatini yoki tekshirish maqsadida kod yuborilganligini ma’lum qilib, uni aytishingizni so‘raganlarida, hech qanday ma’lumot bermaslik kerak.

O‘zA