"Maroqand" AJ to‘lov tashkilotida fuqarolarning pullari qonunchilikda savdosi va xizmat ko‘rsatilishi taqiqlangan xizmatlarga (qimor o‘yinlar) o‘tkazilgani aniqlangan.
Markaziy bank "Humans Mobile PTE LTD" (Singapur) kompaniyasi bilan boshlangan arbitraj muhokamasi bo‘yicha munosabat taqdim etdi.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida ushbu kompaniyaning Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazida (ISSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayoni rasman boshlangani haqida xabar tarqaldi.
Darhaqiqat, “Humans Mobile PTE LTD” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston davlat organlari va idoralari, shu jumladan Markaziy bankning harakati bilan 2003 yil 15 iyuldagi “Singapur Respublikasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida”gi Bitimning ayrim talablari buzilgani bildirilib, 2025 yil 20 mayda xalqaro markazga O‘zbekistonga nisbatan arbitraj jarayonlarini boshlash uchun ariza kiritilgan.
Da’vogarning arizasi xalqaro arbitraj markazi tomonidan ish yurituviga qabul qilinib, hozirda arbitraj nizosini mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlash bosqichida ekani bildirilgan holda, ish jarayonlaridan kelib chiqib qo‘shimcha tafsilotlar berib borilishi ma’lum qilinadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Maroqand” AJ to‘lov tashkilotida fuqarolarning pullari qonunchilikda savdosi va xizmat ko‘rsatilishi taqiqlangan xizmatlarga (qimor o‘yinlar) o‘tkazilgani sababli, ushbu to‘lov tashkilotining ayrim to‘lov xizmatlarini amalga oshirishi 2024 yil 25 sentyabrdan boshlab olti oy muddatga cheklangan hamda to‘lov tashkiloti faoliyatida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan edi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA