Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank boshqaruviga jamoatchilik so‘rovi yuborildi
12:42 / 2025-07-08

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi va uning quyi tizimlariga fuqarolar tomonidan aholining ijtimoiy nafaqalari (bolalar puli, nogironlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari va shunga o‘xshash davlat yordam puli) mablag‘lari ularning bank plastik kartalariga tushishi bilanoq fuqaroning roziligisiz — avtomatik tarzda kredit qarzi to‘lovi hisobiga yechib olib qo‘yilayotganligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda aholining barcha qatlamlari, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, yangilangan Bosh Qomusimizning 57-moddasida mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat tomonidan himoyalanishi kafolatlangan.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida davlat byudjetidan o‘ndan ortiq turdagi nafaqa va moddiy yordam pullari to‘lab kelinadi.

Aholining zaif qatlamiga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar, ya’ni kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablag‘lari hisoblanadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga asosan shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonunchilikka zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi ko‘rsatilgan. Shu o‘rinda shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, qolaversa, ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlangan.

Fuqarolarning murojaatlarida keltirilayotganidek, ularning roziligisiz Bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ijtimoiy nafaqalarni qarz to‘lovi evaziga avtomatik yechib olish amaliyoti fuqarolik qonunchiligidagi oferta-aksept normasiga mutlaqo zid holat hisoblanadi. Shuning bilan bir qatorda Konstitutsiyaviy va qonunchilik normalarining adolat tamoyillariga ham umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Markaziy bank boshqaruviga jamoatchilik so‘rovi kiritildi. 

Unga ko‘ra, vakolatli organ sifatida barcha bank va mikromoliya tashkilotlarining ichki tartiblariga ijtimoiy nafaqalarni akseptsiz (roziliksiz) qarzga yo‘naltirish amaliyotini cheklash normasini kiritilishi, shuningdek, barcha bank va mikromoliya tashkilotlarining mavjud avtomatik yechib olish elektron dasturlaridan ijtimoiy himoya mablag‘larini avtomatik yechib olish amaliyotini chiqarib tashlash, fuqarolarning iste’molchi sifatida buzilayotgan qonuniy haq va huquqlarining himoya qilinishini ta’minlash borasida zarur takliflar bildirilgan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri