Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank BNPL bozorini tartibga solmoqchi
17:46 / 2025-07-15

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, muddatli to‘lov bozoridagi 2 ta o‘yinchi 2 million mijozni qamrab olgan. Joriy yil boshida ularning 777 ming nafari bank kreditlari yoki mikroqarzlarga ham ega bo‘lgan. Eng asosiysi, BNPL bozoridagi ma’lumotlarning kredit tarixi byurosiga to‘liq yetkazilmasligi hamyurtlarimizning qarz yukining oshib ketishiga va ularning moliyaviy ahvolining yomonlashuviga olib kelyabti.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bank va mikromoliyaviy tashkilotlarning odatiy kreditlariga murojaat qilmasdan, qismlarga bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi xizmatlar BNPL-servislar (ingliz tilidan buy now, pay later – hozir sotib ol, pulini keyin to‘la) deb ataladi.

Bu servislar xaridorga ma’lum summa limitigacha bo‘lgan mahsulotlarni, umumiy narxining faqat boshlang‘ich qismini to‘lab, sotib olish uchun qisqa muddatli kredit taqdim etuvchi to‘lov modeli hisoblanadi. To‘lovning qolgan qismi esa bo‘lib to‘lash uchun yo‘naltiriladi.

Ushbu to‘lov usuli tanlanganida, mahsulot narxi bir qancha teng qismlarga, odatda, 4 qismga bo‘linadi. Xarid vaqtida siz ulardan faqat bir qismining to‘lovini amalga oshirasiz. Qolganlari esa ma’lum muddat oralig‘ida, masalan, bir oyda bir marta, avtomatik tarzda bank kartangizdan yechib olinadi. Natijada, xaridingiz to‘lovini 3 oy davomida to‘lash imkoniga ega bo‘lasiz.

Shu bilan birga, savdogar ham o‘z tovari uchun pulni to‘liq ko‘rinishda qabul qiladi. BNPL-servisi to‘liq summani xarid vaqtida o‘tkazib beradi. Xaridor esa pulni do‘konga emas, shu xizmatga to‘laydi. 

BNPL-servis savdogardan o‘z xizmatlari uchun komissiya to‘lovi oladi. Shunga qaramay, xaridor qismlarga bo‘lingan barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirsa, tovar narxidan ortiqcha pul to‘lamaydi. 

Markaziy bank reja qilayotgan islohotlar — BNPL bozorini yanada shaffof va barqaror qilish, iste’molchilar himoyasini kuchaytirish hamda qarz yukining ortishini oldini oladi. Xususan, ishga tushiriladigan shaffof skoring va iste’molchining kredit tarixi haqidagi ishonchli ma’lumotlar muddatli to‘lovlar bo‘yicha barcha tashkilotlar uchun yagona qoidalar yaratadi. Bunda avvalo, bozordagi o‘yinchilar xaridlar va mijozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Kredit tarixi byurosiga uzatadi va xaridorning bo‘lib to‘lashga qurbi yetadimi, kimdan va qancha qarzdor, daromadi qandayligini tekshiradi. 

Xullas, bu bilan odamlarning qarzlari oshib ketishining oldi olinadi, shuningdek, bozorning shaffofligini oshiradi. Ekspertlar ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘zbekiston Fintex assotsiatsiyasi ushbu segmentning tez sur’atlar bilan o‘sishi sharoitida mazkur tashabbusni zarur va mantiqiy deb hisoblaydi. 

Markaziy bank tegishli qonun loyihasi muhokamasini boshlagan va yaqin oylarda tegishli tashkilotchilar bilan bozor qoidalarini ishlab chiqadi. 

Sh.Mamaturopova, O‘zA