Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank: barcha tranzaksiyalar odatiy tartibda amalga oshiriladi
20:20 / 2026-03-03

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda pul o‘tkazmalariga go‘yoki cheklov joriy etilgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda. Mazkur masala yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida Markaziy bank rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, raqamli xizmatlarni rivojlantirish doirasida banklar va to‘lov tashkilotlari mobil ilovalar funksionalini bosqichma-bosqich yangilab boradi. Jumladan, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish jarayonida qo‘shimcha aniqlashtiruvchi parametrlar yoki izoh maydoni joriy etilishi mumkin.

Bu texnik xususiyatga ega yangilanish bo‘lib, uning asosiy maqsadi servis sifatini oshirish, operatsiyalarning to‘g‘ri qayta ishlanishini ta’minlash va raqamli xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat.

Eng muhimi, hech qanday o‘tkazma yoki tranzaksiyalarga cheklov kiritilmaydi. Pul o‘tkazish tartibi o‘zgarmaydi. Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar mobil ilovaning standart ishlash jarayoni doirasida qayta ishlanadi hamda uchinchi shaxslarga taqdim etilmaydi.

Yangilanishlarni joriy etish tartibi har bir bank tomonidan o‘z mobil ilovasi arxitekturasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqqan holda mustaqil belgilanadi.

Tahlillarga ko‘ra, xalqaro amaliyotda ham banklar raqamli xizmatlarni muntazam takomillashtirib boradi. Masalan, restoranda to‘lov amalga oshirganda yoki ijara haqi o‘tkazilganda to‘lov maqsadini ko‘rsatish oddiy amaliyot hisoblanadi. Bu nazorat mexanizmi emas, balki shaffof va madaniyatli naqdsiz hisob-kitob usulidir.

Shu bois texnik yangilanishlarni ortiqcha shov-shuvga sabab qilishga hojat yo‘q. Rasmiy izohga ko‘ra cheklovlar joriy etilmagan va pul o‘tkazmalari amaldagi tartibda davom etadi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA