Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank: Banklar kredit jadvalidagi o‘zgarishlar haqida mijozni xabardor qilishi shart
11:07 / 2025-10-11

Markaziy bank tijorat banklariga qonun talablariga amal qilish va mijozlarni kreditni qaytarish jadvalidagi har qanday o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligini eslatdi.

Regulyator ma’lum qilishicha, ayrim banklar shartnomalarga “kredit jadvali o‘zgarsa, yangilangan nusxa qarzdor so‘roviga ko‘ra beriladi” degan bandni kiritmoqda. Markaziy bank bu holatni qonunga zid deb hisobladi.

Ma’lumot uchun, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 66-moddasiga ko‘ra, banklar xizmat shartlari va qiymati haqidagi axborotni mijozdan yashirishga haqli emas.

«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun iste’molchiga to‘g‘ri, tushunarli va o‘z vaqtida ma’lumot berilishini talab qiladi.

Bank xizmatlari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, shartnoma imzolangan kunda bank mijozga uning asl nusxasini taqdim etishi shart.

Kreditni qaytarish jadvali — bu shartnomaning ajralmas qismi bo‘lib, unda kredit qoldig‘i, asosiy qarz va foiz bo‘yicha to‘lov miqdorlari hamda amalga oshirilish sanasi ko‘rsatiladi.

Markaziy bank izohida iste’molchiga yangilangan jadvalni taqdim etmaslik ortiqcha foizlar hisoblanishiga, jarimalarga va kredit tarixi yomonlashishiga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan.

Shu munosabat bilan shartnomalarga mijoz huquqlarini cheklovchi bandlar kiritish amaliyotini to‘xtatish, avval tuzilgan shartnomalardan bunday bandlarni bekor qilish kerak.

Kredit jadvalidagi har qanday o‘zgarishlar haqida qarzdorni xabardor etish va yangilangan jadvalni taqdim etish lozim.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi banklarning kredit kartalari bo‘yicha komissiya va foiz amaliyotlariga oid shikoyatlar bo‘yicha Markaziy bankka murojaat qilgan edi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA