Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yil oktyabr oyi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda jami 24 ta masala ko‘rib chiqildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishlarda ro‘yxatga olish va ruxsat berishga oid 14 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish — 3 ta, yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatga olish — 2 ta, bir mikromoliya tashkilotini reyestrdan chiqarish — 1 ta, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish — 3 ta, tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruv a’zolari va muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish — 5 ta ta masala ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqilib, muayyan yo‘nalishlardagi ijro va nazorat holati muhokama qilindi. Xususan, Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, bank va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari, bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash masalalari ko‘rib chiqildi.
Inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan kamchiliklar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani sababli 1 ta bank va 1 ta to‘lov tashkiloti boshqa chora va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida rasman ogohlantirildi.
Shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terroristik faoliyatni moliyalashtirishga oid qoidalar buzilgani uchun 3 ta bank, 5 ta mikromoliya tashkiloti, 2 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Ayrim to‘lov tizimlariga cheklovlar joriy etildi.
“TezPay” va “National Pay” aksiyadorlik jamiyatlarida aniqlangan qoidabuzarliklar sababli to‘lov xizmatlarining va ayrim operatsiyalarning amalga oshirilishi chegaralandi. Jumladan, elektron to‘lovlarga ishlov berish, to‘lovni amalga oshirish uchun zarur axborotni bankka taqdim etish, pul mablag‘larini qabul qilish va o‘tkazmalarni amalga oshirish kabi xizmatlarni bajarish 2025 yil 13 noyabrdan boshlab olti oy muddatga vaqtincha to‘xtatildi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA