Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank asosiy stavkasi bo‘yicha boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi
22:02 / 2021-04-22

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi bo‘yicha boshqaruv yig‘ilishi qarori yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Mazkur qaror inflyatsiya darajasini pasaytirish va iqtisodiyotning tiklanib borishi sharoitida iqtisodiy faollikni ko‘llab-quvvatlash maqsadlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, tashqi bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha xatarlar fonida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayuvchi dinamikasini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi.

Joriy yilning birinchi choragi va aprel oyida kuzatilayotgan makroiqtisodiy vaziyat pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining bazaviy ssenariysida keltirilgan shartlar doirasida shakllanmoqda. Xususan, 2021 yilning fevral-mart oylarida iqtisodiy faollik ko‘rsatkichlari tiklanishda davom etdi. Tovar-xomashyo birjasidagi operatsiyalar hajmi, banklararo tranzaksiyalar, savdo va pullik xizmat ko‘rsatishdan tushumlar o‘zgarishlari asosida hisoblab chiqiladigan Iqtisodiy faollik indikatorining barcha komponentlari ham yanvar oyidagi pasayishdan so‘ng mart oyida sezilarli darajada tiklandi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil birinchi choragida YAIM hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real hisobda 3 foizga o‘sdi. Bunda, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 3,8 foiz, qishloq xo‘jaligi 3,1 foiz, xizmatlar 5,8 foiz va qurilish ishlari 0,5 foizga oshdi. Shuningdek, ushbu davrda chakana savdo aylanmasida 2,8 foizlik o‘sish kuzatildi.

Fevral oyidagi byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlari ish haqi hamda stipendiyalarining oshirilishi, markazlashmagan manbalar hisobidan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar va iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmining o‘sishi iqtisodiyotda yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ldi. Xususan, birinchi chorak davomida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 35,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda, markazlashmagan manbalar hisobidan investitsiyalar hajmi 31,3 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,6 foizga o‘sdi.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga 32,9 trillion so‘mlik, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foiz ko‘p kreditlar ajratildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik o‘sishi 13,9 foizni, transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sib, 1,4 milliard dollarni tashkil etdi.

Mart oyida yillik inflyatsiya darajasi 10,9 foizni tashkil etib, yanvar oyidagi ko‘rsatkichdan 0,7 foiz bandga pasaydi. Bunda, oziq-ovqat mahsulotlari narxining yillik o‘sishi 13,9 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiya darajasiga ta’siri yuqoriligicha (5,8 foiz band) saqlanib qolmoqda.

Birlamchi ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy iste’mol tovarlari narxlarining yuqori sur’atlarda oshishi tashqi bozorlarda hosildorlik va logistika bilan bog‘liq sabablar ta’sirida yuzaga kelgan konyunktura hamda ichki bozorlardagi raqobat sharoitlari va ishlab chiqarish hajmining cheklanganligi kabi omillar bilan izohlanadi.

Nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari o‘sishi mos ravishda 8,8 va 8,4 foizni tashkil etib, ushbu guruhlar umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Joriy yil mart oyi yakunlari bo‘yicha bazaviy inflyatsiya (umumiy inflyatsiyadan mavsumiy va tartibga solinadigan narxlar chiqarib tashlangan) 11,6 foizni tashkil etdi va umumiy inflyatsiyadan biroz yuqori bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyotda inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi.

Yil boshidan boshlab aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalarida pasayish tendensiyasi kuzatilayotgan bo‘lsada, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda. Xususan, mart oyida kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 15,5 foizni, tadbirkorlik sub’ektlariniki esa 15,9 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda, inflyatsion kutilmalar darajasining bosqichma-bosqich pasayib, 2020 yilning boshidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashayotganligi, kutilmalarda o‘tgan yilgi pandemiya bilan bog‘liq oshiruvchi ta’sirlar rolining kamayayotganligini bildiradi. O‘z navbatida, o‘simlik yog‘i va shakar narxlarida kuzatilayotgan joriy tendensiyalar inflyatsion kutilmalarni oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

2021 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 9-10 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Yanvar-mart oylarida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari shakllandi. Pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyida 14,4 foiz yoki real hisobda 3 foizlik ijobiy darajada bo‘ldi. “Uzonia” indeksi ham birinchi chorak davomida to‘liq asosiy stavka foiz koridori doirasida shakllandi.  

Muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalarning 2020 yil dekabr oyidagi 14,8 foizdan 2021 yil mart oyida 17,8 foizgacha o‘sishi, birinchi chorakda muddatli depozitlar hajmining 10,5 foizga, jumladan, jismoniy shaxslarning muddatli depozitlarini 13,8 foizga oshishiga xizmat qildi.  

Kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalar mart oyida 21,4 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 foiz bandga pasaygan holda 2020 yil dekabr oyi ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllandi.

Matbuot andumanida 2021 yil yakunlari bo‘yicha YAIM hajmining real o‘sishi bazaviy ssenariyda keltirilgan 4,5-5,5 foiz doirasida bo‘lishi kutilayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda, birinchi chorak yakunlari bo‘yicha yangilangan prognozlar iqtisodiy o‘sish sur’atlari ushbu prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda ham iqtisodiyotni fiskal rag‘batlantirishning davom ettirilishi va pul-kredit sharoitlarining o‘zgarishsiz qolishi fonida yalpi talabning tiklanib borishi, iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishining jadallashishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda asosiy omillardan bo‘ladi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilishi ko‘zda tutilayotgan kreditlar hududlarda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilsa, aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlari doirasida yo‘naltiriladigan mablag‘lar qurilish sohasi va unga tutash tarmoqlarni rag‘batlantiruvchi omil bo‘ladi.  

Iqtisodiyotga ajratilgan kredit qo‘yilmalari o‘sish sur’atlarining YAIM nominal hajmi o‘sishi darajasida bo‘lishi moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.  

Oziq-ovqat narxlari dinamikasi bo‘yicha xatarlarning oshib borishi sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yagona davlat strategiyasi, import bozorlarini diversifikatsiya qilish, importda konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish va transport xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi.  

Shuningdek, meva, sabzavot va ozuqa-yem mahsulotlari hajmlarini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish va ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun zarur yer maydonlari hamda suv resurslari ajratilishi kelgusida oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini muvozanatlashishiga xizmat qiladi.

- 2017 yil sentyabrida valyuta bozorini erkinlashtirish islohotlarini amalga oshirdik, – dedi Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov. – Valyuta bozorini erkinlashtirish ko‘p davlatlarda narx-navoning keskin oshishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekistonda 2017 yil narx-navolarning oshishi 20-22 foiz atrofida shakllandi. Ya’ni, inflyatsiya narx-navo o‘zgarishini belgilaydi. bugungi kunda mamlakatimizdagi pul-kredit siyosatining maqsadi ham davlatimiz rahbarining oldimizga qo‘ygan asosiy masala, maqsad va vazifa ham inflyatsiya darajasini keskin pasaytirish. 

Hozir savol tug‘ilishi mumkin, keskin pasaytirish mumkinmi degan. Biz keskin pasaytirish choralarini qo‘llash orqali iqtisodiyotda o‘sishni to‘xtatib qo‘yishimiz, ya’ni aholining daromad manbasini cheklab qo‘yishimiz mumkin. Shuning uchun ham tarozining ikki pallasi talab va taklif, muvozanatni ta’minlash, ya’ni ham iqtisodiy barqarorlikni, ham iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ham inflyatsiyani ushlab turish, degan terminlarni qo‘lladim. Bu juda murakkab vazifa.

Bu amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan belgilanadi. Albatta, biz bu kunga kelamiz. Maqsadimiz, 2023 yilda 5 foizli inflyatsiyaga chiqish.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA