Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartirmadi
12:40 / 2026-01-28

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda iqtisodiy faollik kutilganidan yuqori darajada shakllandi, bu jarayonda barqaror yalpi talab omillari ustuvor bo‘ldi. Inflyatsiya pasayish dinamikasini saqlab qolib, tovarlar narxlari o‘sishining sekinlashishi keng qamrovli tus olmoqda.

Shu bilan birga, talab omillari ta’sirida xizmatlar inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, ayrim oziq-ovqat tovarlari narxlarining o‘sishi umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayishiga muayyan xatarlar tug‘dirmoqda. Ushbu sharoitda pul-kredit siyosatining joriy qat’iy darajada saqlab qolinishi inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasida shakllanishini ta’minlaydi.

2025 yil dekabr oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida shakllanib, yillik 7,3 foizgacha pasaydi. Inflyatsiyaning sekinlashishiga qat’iy pul-kredit sharoitlari, so‘mning mustahkamlanishi hamda import narxlari ta’sirida bazaviy inflyatsiyaning pasayishi hissa qo‘shdi. Xususan, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 5,7 foizgacha tushdi.

Xizmatlar inflyatsiyasi ma’lum darajada sekinlashgan bo‘lsa-da, talab omillari ta’sirida umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar pasayish tendensiyasini to‘xtatib, dekabr oyida biroz o‘sgani qayd etildi.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunida inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Yuqori investitsion faollik, fiskal xarajatlar hamda pul o‘tkazmalarining ortib borishi 2026 yilda ham aholi daromadlari o‘sishi va iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ladi. Shu bilan birga, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xatarlar va qish mavsumida ta’minotdagi uzilishlar kelgusi oylarda narxlarga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolayotganiga qaramasdan, ularning umumiy ta’siri nisbatan mo‘’tadil bo‘lishi kutilmoqda. Asosiy savdo hamkor mamlakatlarda inflyatsiya pasayish trendiga o‘tdi, jahon iqtisodiyotida esa o‘sish sur’atlari kutilganidan yuqori shakllandi.

Ichki valyuta bozorida eksport tushumlari, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari hisobiga xorijiy valyuta taklifining oshishi 2025 yilda so‘mning 6,9 foizga mustahkamlanishiga xizmat qildi. Bu import inflyatsiyasi bosimini kamaytirish, dollarlashuv darajasini pasaytirish va tashqi qarzga xizmat qilish xarajatlarini qisqartirishga yordam berdi.

Bank tizimida likvidlik profitsitining saqlanib qolishi fonida pul bozori stavkalari asosiy stavka atrofida — 13,5–13,8 foiz darajada shakllanmoqda. Ijobiy real foiz stavkalari milliy valyutadagi jamg‘armalarni rag‘batlantirib, pul-kredit sharoitlarini qat’iylashtiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqori yalpi talab omillari, jumladan, fiskal rag‘batlantirish va chakana kreditlash sur’atlari yuqori bo‘lgan sharoitda asosiy stavkani joriy qat’iy darajada saqlab qolish inflyatsion xatarlarni jilovlashga xizmat qiladi.

Markaziy bank kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Pul-kredit siyosati o‘rta muddatda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratilgan bo‘lib qoladi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA