Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank asosiy stavkani 16 foiz darajasida belgiladi
14:42 / 2022-06-09

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining oraliq yigʻilishi oʻtkazildi.

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 1 foiz bandga pasaytirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Markaziy bankning maʼlum qilishicha, asosiy stavkaning joriy pasaytirilishi inflyatsion xatarlarni jilovlashga yoʻnaltirilgan “qatʼiy” pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda tashqi xatarlar uchun qoʻshilgan qoʻshimcha yuklamani neytrallashtirishga qaratilgan.

Soʻmning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi 2022-yil mart oyining birinchi yarmida oʻzining yuqori darajasiga yetib, yil boshiga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlangan boʻlsa, mart oyining ikkinchi yarmidan bugungi kunga qadar 5,1 foizga mustahkamlandi. Natijada, soʻmning yil boshidan qadrsizlanishi 1,6 foiz doirasida shakllandi.

Oltin valyuta zaxiralarining “neytrallik tamoyili” boʻyicha Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoriga aprel-may oylarida soʻm almashuv kursning qisqa muddatda keskin mustahkamlanib ketishini oldini olish maqsadida bozordan 523 million dollarlik valyuta mablagʻlari sotib olindi.

Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar koʻproq taklif omillari bilan bogʻliq boʻlib, mintaqadagi joriy geosiyosiy vaziyatning mahsulot yetkazib berish, transport-logistika jarayonlariga salbiy taʼsirini oʻzida ifoda etadi.

Kutilayotgan tarif erkinlashtirishlarni inobatga olib joriy yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya prognozi 12-14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.

Valyuta kursining barqarorligi, oʻz navbatida, narxlarga nisbatan “import inflyatsiyasi” taʼsirini yumshatuvchi ahamiyatga ega boʻladi.

Markaziy bankning oʻrta muddatli makroiqtisodiy prognozlari ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha yangilanadi.

Shahnoza Mamaturopova, OʻzA