O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025 yil 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgartirmasdan saqlab qolish haqida qaror qabul qilindi. Bu qaror mamlakatda narxlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsiyani nazorat qilish maqsadida qabul qilindi.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2025 yil sentyabr oyida yillik inflatsiya 8 foizni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 0,8 foiz bandga pasaydi. Ya’ni, tovarlar va xizmatlar narxi o‘tgan yillarga qaraganda sekinroq oshmoqda. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qo‘shdi.
Biroq, xizmatlar sektorida, ayniqsa, tartibga solinmaydigan narxlar (ya’ni, bozor tomonidan belgilanadigan narxlar) bo‘yicha o‘sish sur’ati hali ham yuqori. Bu sohada talabning kuchliligi inflyatsiyani nisbatan yuqori darajada saqlab qolmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylar davomida so‘mning almashuv kursi mustahkamlanishi import mahsulotlari narxining oshishini chekladi.
[gallery-25909]
Natijada import inflyatsiyasi, ya’ni chetdan keladigan tovarlarning narxi oshishi hisobiga paydo bo‘ladigan inflyatsiya sekinlashdi. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorda nooziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorlashuviga yordam berdi.
So‘nggi oylarda iste’mol savatida narxlar o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda.
Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflyatsiya sur’atlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Yaqin oylar ichida energiya narxlarini erkinlashtirish ya’ni, davlat tomonidan qat’iy belgilab qo‘yilgan tariflarni bosqichma-bosqich bozorga moslashtirish jarayoni inflyatsiyaga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflyatsiyaga ikkilamchi ta’sirlari namoyon bo‘lishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelish ehtimollari saqlanib qolmoqda. Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi barqaror davom etishini ta’minlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qat’iy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda kreditlash sur’atlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytiradi.
Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetgacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanadi.
Dildora DO‘SMATOVA O‘zA