Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
09:51 / 2025-12-12

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Qaror mamlakatda inflyatsiya bosimlarining bosqichma-bosqich pasayib borishi va o‘rta muddatda barqaror past inflyatsiya trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, noyabr oyida inflyatsiyaning pasayish sur’atlari davom etib, yillik ko‘rsatkich 7,5 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichga asosan qat’iy pul-kredit sharoitlari, milliy valyuta kursining mustahkamlanishi va bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi hissa qo‘shdi. Xususan, bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 6,3 foizgacha pasaydi.

Import narxlari dinamikasining barqarorlashuvi esa nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pastlashiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi inflyatsiya ma’lum darajada sekinlashganiga qaramay, talab omillari tufayli umumiy inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda.

Noyabr oyida aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari ham pasayishda davom etdi. Markaziy bankning yangilangan baholariga ko‘ra, 2025 yil yakunida inflyatsiya 7,3 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Milliy valyuta kursining kutilganidan ham yuqoriroq darajada mustahkamlanishi inflyatsiya prognozini pasayish tomon qayta ko‘rib chiqishga olib keldi.

2026 yil yakuniga kelib inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilayapti. Iqtisodiyotdagi faollik yuqori darajada saqlanmoqda. Mehnat bozoridagi talabning o‘sishi, savdo va xizmatlar tushumlarining ko‘payishi, banklararo tranzaksiyalar hajmi ortishi — bu tendensiyalarni tasdiqlamoqda. Yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish 7–7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Biroq taklif omillari bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Jumladan, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bog‘liq xavflar, so‘nggi oylarda transport xizmatlari narxining ko‘tarilishi, tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi oqibatidagi ikkilamchi ta’sirlar shular jumlasidan.

Jahon iqtisodiyoti global moliyaviy sharoitlar yumshashi va fiskal rag‘batlantirishlar fondida kutilganidan yuqori sur’atlarda o‘smoqda. Xomashyo bozorlaridagi yuqori narxlar esa mamlakatimiz eksport tushumlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Qulay tashqi sharoitlar ta’sirida real samarali almashuv kursi uzoq muddatli muvozanatli darajasiga yaqinlashmoqda.

Ichki bozorda nominal foiz stavkalarining barqarorligi, inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishi real foiz stavkalarining yuqoriligini ta’minlab, milliy valyutada jamg‘armalarning o‘sishiga xizmat qilmoqda. Bu esa muddatli depozitlar hajmining tez o‘sishida aks etmoqda.

Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlik ortishi tufayli chakana kreditlashning yuqori sur’atlari iste’mol faolligini oshirib, inflyatsiya bosimlarini kuchaytirishi mumkin.

Shu sababli Markaziy bank inflyatsiyani barqaror pasaytirish maqsadida asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolishni maqsadga muvofiq deb topdi.

Markaziy bank inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yetkazish uchun pul-kredit sharoitlari qat’iyligini saqlab boradi.  

Sh.Mamaturopova,

O‘zA