Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi natijalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy bank raisi M.Nurmuratov Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgani xususida ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, bankning ushbu qarori quyidagicha izohlanadi. Xususan, oxirgi oylarda bazaviy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayish dinamikasi energiya tariflari oshirilishining inflyatsiyaga ikkilamchi ta’siri kutilganidan past bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Yanvar-iyun oylarida iste’mol savati tarkibidagi 73 foizdan ortiq tovar va xizmatlar narxlari oshishi avvalgi yilga nisbatan past bo‘ldi. Ayniqsa, joriy yilda meva-sabzavotlar o‘rtacha narxi o‘zgarishining inflyatsiyaga ta’siri so‘nggi 4 yillikdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.
[gallery-18439]
Jahon bozorlaridagi narxlar dinamikasi va almashuv kursi barqarorligi import inflyatsiyasiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining pasayishi hamda almashuv kursi barqarorligi aholining inflyatsion kutilmalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyunda sezilarli pasayishiga olib keldi.
Iqtisodiyotda shakllangan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari hamda fiskal taqchillikning qisqarib borishi hisobiga hozirgi kunda shakllangan 0,5-0,6 foizlik YAIM ijobiy tafovutini yil yakuniga qadar yopilishi va inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sirini qisqarishi kutilmoqda.
Joriy yilning I yarim yillik yakuni bo‘yicha iqtisodiyot real hisobda 6,4 foizga o‘sdi. Tadbirkorlarning iqtisodiy faolligi va ishbilarmonlik kayfiyati bo‘yicha indekslarda so‘nggi ikki oyda nisbatan pasayish kuzatilgan bo‘lsada, ijobiy natijalar saqlanib qolmoqda.
Mehnat bozori dinamikasini o‘rganish uchun muqobil ko‘rsatkich sifatida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar kuzatib boriladi. Apreldagi yuqori ko‘rsatkichlardan so‘ng may-iyun oylarida e’lonlarning kamayishi kuzatildi.
Buni, bir tomondan, mavsumiy xarakterligi bilan, ya’ni yoz oylarida ayrim sohalarda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojning qisqarishi va boshqa tomondan, mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ma’lum darajada muvozanatlashishi bilan izohlash mumkin.
Aholi omonatlarining qariyb 80 foizi so‘mda shakllangan bo‘lib, so‘mdagi muddatli depozitlarida yillik 1,5 barobarlik yuqori o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda.
Yil boshidan depozitlar va kreditlar foiz stavkalari dinamikasi turlicha ko‘rinishga ega bo‘ldi. Aholining milliy valyutadagi omonatlari foiz stavkalarida kichik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, kreditlar foizi o‘zgarishsiz qoldi.
I yarim yillikda banklar tomonidan jami 127 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Ushbu kreditlarning 64 foizi yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan bo‘lib, ishlab chiqarish faolligini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
Yig‘ilishda yuqorida aytilgan xulosalar asosida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 0,5 foizga pasaytirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ushbu qaror pul-kredit sharoitlarini qat’iylik darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi va uning “cheklovchi” xarakteri saqlanib qoladi.
Ayni paytda, ushbu qarorni iqtisodiyotda bazaviy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendi vujudga kelganini va yil yakuniga qadar inflyatsiyaning prognoz darajasigacha pasayishi uchun yetarli sharoitlar shakllanganini e’tirof etish deb, baholasak to‘g‘ri bo‘ladi.
Asosiy stavkani pasaytirish fazasiga to‘liq o‘tishi ko‘p jihatdan o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash borasida pul-kredit va makroprudensial siyosat doirasida belgilangan chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirish va ularning natijadorligiga bog‘liq bo‘ladi.
Noaniqliklar va xatarlar mavjud sharoitda shakllanayotgan iqtisodiy vaziyat, inflyatsiya dinamikasi va prognozi, inflyatsion kutilmalar hamda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarga asoslanib, har bir boshqaruv yig‘ilishida tegishli qarorlar qabul qilib boriladi.
Bunda, asosiy maqsad inflyatsiyani joriy yil yakuniga qadar 9 foizgacha pasaytirish va o‘rta muddatli istiqbolda uning 5 foizlik targetiga erishish hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva,
Rustam Nazarmatov (surat),
O‘zA