Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank aholining inflyatsion kutilmalari hisobotini taqdim etdi
10:53 / 2025-10-08

Markaziy bank joriy yilning sentyabr oyidagi so‘rovlar natijasiga ko‘ra aholining inflyatsion kutilmalari hisobotini taqdim etdi. Hisobotda keltirilishicha, ushbu davrda aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 12 foiz darajasida qayd etildi – avvalgi oylarga nisbatan 0,2 foiz bandga pasayish kuzatildi. Bu jami 3 420 respondent fikri asosida aniqlangan.

Aholi va tadbirkorlar orasida narxlar bo‘yicha kutilmalar sentyabr oyida biroz pasaygan, biroq iqtisodiy sub’ektlar uchun bir qancha tashqi va ichki bosim manbalari saqlanib qolmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari orasida inflyatsion kutilmalar 11,7 foizni tashkil etdi, bu esa o‘tgan oyga nisbatan 0,1 bandga pasayishdir.

So‘rovnoma ishtirokchilarining fikricha, keyingi bir yilda narxlarning oshishiga eng ko‘p sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan omil – bu kommunal xizmatlarning qimmatlashishi. Respondentlarning 46 foizi ana shundan xavotirda.

Kelgusida narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida ish haqi va nafaqalarning, dollar kursining va kommunal xizmatlar narxlarining oshishini ta’kidlagan respondentlar ulushi kamaydi.

Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, so‘rovnomada ishtirok etgan aholi vakillarining 41 foizi yoqilg‘i va energiya narxlarining o‘sishini kutmoqda. Respondentlarning har to‘rt nafaridan birining fikricha, keyingi 12 oyda ish haqi va nafaqalar oshishi, transport xarajatlarining ortishi va asosiy oziq-ovqatlar qimmatlashishi inflyatsiyaning asosiy omillaridan biri bo‘ladi.

Shuningdek, asosan kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari narxi eng ko‘p oshishini taxmin qilyapti. Har o‘nta tadbirkordan to‘rt nafari shunday kutilmaga ega.

Inflyatsion kutilmalar hududlar kesimida ancha farqlanadi. Aholi orasida eng yuqori ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida, eng past ko‘rsatkich esa Buxoro viloyatida kuzatilgan.

Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi tadbirkorlar orasida inflyatsion kutilmalar 13 foizdan baland. Qoraqalpog‘istondagi biznes 10,3 foiz, Qashqadaryodagi tadbirkorlar 10,4 foizlik inflyatsiya kutilmalariga ega.

Tadbirkorlik sub’ektlarining yuqori inflyatsion kutilmalari Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan qayd etildi.

Sohalar kesimida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchilar narxlar o‘sishini pastroq baholagan bo‘lsa, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalari sohasidagi respondentlar orasida kutilmalar yuqoriroq.

Aholi tomonidan oxirgi bir yilda sezilgan inflyatsiya 12,4 foizni tashkil etib, avvalgi oyga qaraganda 0,6 bandga kamaydi. Toshkent shahrida sezilgan inflyatsiya 13,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, xorazmliklar oxirgi bir yildagi narx-navo o‘sishini boshqa hududlarga nisbatan eng kam baholagan: 10,8 foiz.

Avgust-sentyabr oylarida aholi go‘sht va sut, benzin va yoqilg‘i, elektr va tabiiy gaz, dorilar va meva-sabzavotlar narxi oshishini ko‘proq sezgan.

Qayd etilishicha, oylik daromadi 10 mln. so‘mdan yuqori aholi narxlar oshishini daromadi 10 mln. so‘mgacha bo‘lgan qatlamga nisbatan ko‘proq sezgan.

Pensionerlar inflyatsiyani hammadan ko‘proq his etayotgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari oxirgi vaqtlardagi narx-navo oshishini boshqalarga qaraganda pastroq baholamoqda.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA