Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Markaziy bank aholi uchun ilk bor 5, 10, 20 va 50 grammlik oltin quymalarni sotuvga chiqardi
14:39 / 2021-06-10

Markaziy bankning Xalqaro zaxiralarni boshqarish departamenti direktori Sanjar VALIEV bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Markaziy bank tomonidan oltindan tayyorlangan quymalar va esdalik tangalarining muomalaga chiqarilishidan asosiy maqsad mamlakatimiz aholisining investitsion va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirishdir. Ma’lumki, mablag‘larni investitsiya qilishda investorlar oltindan diversifikatsiya maqsadida keng foydalanadilar. Buning sababi shundaki, har qanday aktivning qiymati vaziyatdan kelib chiqib tushishi mumkin. Investitsiya yoki jamg‘armaning tarkibida qisman oltinning bo‘lishi inqirozli davrlarda aktivlar umumiy qiymatining tushib ketishi xavfini kamaytiradi va bu holat amaliyotda ko‘p marotaba o‘z isbotini topgan. Aktivlarning xususiyatlari, investitsiyadan ko‘zlangan maqsad va ma’qul ko‘rilgan xatar darajasidan kelib chiqib, investitsiya yoki jamg‘arma tarkibida alohida aktivlarning, jumladan, oltinning ulushi turlicha shakllantirilishi ham mumkin.

Aholining oltindan jamg‘arma sifatida foydalanishi mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Oltin quymalari va esdalik tangalarining muomalaga chiqarilishi aholining oltindagi jamg‘armalari shakllanishiga va bu o‘z navbatida, chet el valyutasiga bo‘lgan talab va iqtisodiyotning «dollarlashuv» darajasi pasayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jahon tajribasidan ma’lumki, pandemiya yoki shunga o‘xshash favqulodda xatarli vaziyatlar pul qiymatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Oltin esa hech qaysi davlat iqtisodiyoti va valyutasiga bog‘lanmagan aktiv bo‘lib, pandemiya, iqtisodiy inqirozlar va siyosiy beqarorlik paytida oltinga xavfsiz aktiv sifatidagi talab oshadi. Bu esa uning narxi o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.

Ma’lumki, Markaziy bank tomonidan oltin quymalaridan tashqari oltin esdalik tangalari va suvenirlari ham sotuvga chiqarildi. Va yana  tarixiy va zamonaviy davrning muhim voqealariga bag‘ishlab oltindan tayyorlangan esdalik tangalari va suvenirlar muomalaga chiqarilmoqda.

Esdalik tangalari va suvenirlarning asosiy farqi shundaki, suvenirlarda uning esdalik tangalaridagi kabi nominal qiymati aks etmaydi. Joriy yilda buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab, oltin esdalik tangalari va suvenirlar to‘plami sotuvga chiqarildi.

 

Sh.Mamaturopova yozib oldi.