Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil yanvar oyida jami 27 ta masalani ko‘rib chiqdi. Korporativ bank kartalariga xizmat ko‘rsatishda qonunchilik talablari buzilgani hamda inspeksiyalar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalari qo‘llandi.
Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
“BARAKA BIZNES HAMKOR MIKROMOLIYA TASHKILOTI” va “EFFECTIVE MONEY MIKROMOLIYA TASHKILOTI” MCHJlari o‘z arizasiga asosan mikromoliya tashkilotlari reyestridan chiqarildi. “IT UNISOFT GROUP” AJga to‘lov tashkiloti faoliyati uchun berilgan litsenziya ham bekor qilindi.
Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga rioya qilish, bank va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish hamda to‘lov tashkilotlarida belgilangan talablar bajarilishi muhokama qilindi.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi uchun 4 ta to‘lov tashkilotiga ogohlantirish berildi. Shuningdek, korporativ bank kartalariga xizmat ko‘rsatishda qonun talablari buzilgani uchun 7 ta bank va 1 ta mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llandi.
Joriy yil yanvar oyida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagani sababli, jumladan ustav kapitali qonunchilikda belgilangan eng kam miqdorga yetkazilmagani va bank faoliyatiga oid qator talablar bajarilmagani tufayli, “YANGI BANK” AJning bank faoliyati uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA